AsosiyJamiyat

Yangi tibbiyot markaziga rahbar tayinlandi

'Yangi tibbiyot markaziga rahbar tayinlandi'ning rasmi

Ma`lumki, shu kungacha yurtimizda nevrologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash va profilaktika tadbirlarini tashkillashtirish, bu yo`nalishda ilmiy-amaliy tadqiqotlar o`tkazish mumkin bo`lgan yagona markazlashgan tizim mavjud emas edi. Bu esa nevrologik kasalliklar ko`rsatkichi tobora o`sib borishiga ham sabab bo`layotgandi.

Shu bois aholiga nevrologik yordam ko`rsatish xizmatlarini takomillashtirish hamda ixtisoslashtirilgan yordam ko`rsatish turlarini kengaytirish maqsadida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 30 avgust kuni “Aholiga nevrologik yordam ko`rsatish xizmatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur huquqiy hujjatga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil qilindi. Endilikda markaz nevrologik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning yagona vertikal tizimini yaratish, davlat tibbiyot tashkilotlarining nevrologiya bo`limlarini tashkiliy-uslubiy boshqarish, eksperimental va klinik nevrologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlarni va nevrologik kasalliklarni o`z vaqtida aniqlashga doir izlanishlar bilan shug`ullanadi. Shuningdek, hujayra va gen terapiyasiga doir innovasion yondashuvlarni ishlab chiqish, skrining tadqiqotlarini tatbiq qilish hamda insult, epilepsiya va boshqa keng tarqalgan nevrologik kasalliklar qayd etilgan bemorlarni ro`yxatga olish, nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasida ishlovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha mutaxassislari uchun seminar-treninglar, mahorat darslarini o`tkazish va bunda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ygan holda faoliyat yuritadi.

Kuni kecha yangi tashkil etilgan mazkur tibbiyot markaziga Abdufarrux Karimov direktor etib tayinlandi.

Ta`kidlash joizki, 42 yoshli tibbiyot fanlari nomzodi A.Karimov uzoq yillar davomida Rossiya va Amerika Qo`shma Shtatlarining qator nufuzli davolash muassasalari va klinikalarida neyroxirurg sifatida faoliyat ko`rsatish bilan birga, malaka oshirib, ilmiy izlanishlar olib borgan. Rus va ingliz tillarini mukammal o`zlashtirgan.

Ma`lumot uchun A.Karimov bunga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo`limi boshlig`i lavozimida faoliyat ko`rsatib kelayotgan edi.

    Boshqa yangiliklar