5 sentyabr kuni Moskva shahridagi VDNXda XXXI Xalqaro kitob ko`rgazma yarmarkasining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda 40 dan ortiq davlatlarning nashriyot va bosmaxonalari ishtirok etdi.
Ko`rgazma-yarmarkasida O`zbekiston Respublikasidan Matbuot va axborot agentligi hamda yirik nashriyot-matbaa korxona vakillari ham qatnashdilar.

Shu kunning o`zida barcha korxonalarimiz xorijiy hamkorlar bilan o`zaro kelishuvlarni amalga oshirdilar jumladan, «O`zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Rossiyaning «Olma» nashriyot markazi hamda Elena Shubina tahririyati bilan, shuningdek Xitoyning «BIBF» nashriyot korporasiyasi bilan ularda nashr etilgan xorij adabiyotlarini o`zbek tiliga tarjima qilib nashr etish hamda milliy adabiyotlarimizni ularda tarjima qilib chet tilida nashr etish yuzasidan muloqot olib bordi.
Cho`lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Rossiyaning «Binom» hamda «Russkoe slovo» nashriyotlari bilan bolalar uchun mo`ljallangan rus tilidagi sinfdan tashqari o`qitiladigan adabiyotlarning original-maketlarini sotib olish bo`yicha muzokara olib bordi.

Shu kunning o`zida ko`rgazma-yarmarkasi tashkiliy qo`mitasi tomonidan «Yil kitobi» konkursi o`tkazildi. Mazkur konkurs bu yil yigirmanchi marta o`tkazilib, unda 120 ta nashriyotning 500 nomdan ziyod kitoblari tanlovga qo`yildi. Konkursda 11 nomdagi nominasiyalar bo`yicha asar mualliflari va uni nashr etgan nashriyotlar g`olib deb topildi.
Asosiy nominasiya bo`lmish «Yil kitobi» nominasiyasida «Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya» nashriyotida tayyorlangan 35 tomli «Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya» nomli kitobi g`olib deb topildi va bosh sovrin — «Gran pri»ni qo`lga kiritdi.
Ko`rgazma-yarmarka 9 sentyabrga qadar davom etadi.






