O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi raisi jamiyatning og`ir nuqtalaridan bo`lgan mardikor ayollar muammosi va ayollarni ish bilan ta`minlash masalalari haqida gapirdi, deb yozadi O`zA.
“Ayollar borasidagi, umuman, aholidagi ijtimoiy muammolar ishsizlik oqibatida kelib chiqadi. Biz ishsizlikni hal etsak qolgan muammolar o`z-o`zidan bartaraf bo`ladi. Bu haqida Prezidentimiz ham ma`ruzalarida ko`p bora ta`kidlab o`tganlar. Biz uyma-uy yurib, muammolarni o`rganishda shuni aniqladikki, hozirda ishsiz ayollar bandlik xizmatlari keltirgan raqamlardan uch barobar ko`p. Biz uyma-uy yurib muammolarni aniqlar ekanmiz, asosan, ayollarni ish bilan ta`minlashga ko`proq ahamiyat beryapmiz.
Ayollarni ish bilan ta`minlash jarayoni uch yo`nalishda amalga oshirilmoqda.
Birinchi yo`nalishga ko`ra, davlatimiz tomonidan ajratilgan bandlik bo`yicha alohida dasturlar bor. U erda ayollar uchun maxsus ajratilgan ish o`rinlari mavjud bo`ladi. Biz shu ish joylariga ayollarimizni jalb etyapmiz. Ikkinchidan, har bir korxona va tashkilotlarda bo`sh o`rinlar bo`ladi. Mana shu ish o`rinlarini biz mehnat bandlik xizmatidan olib mahallalarga borib, ishsiz o`tirgan ayollarga taklif etyapmiz. Uchinchidan, korxona, tashkilotlarda davlatimiz tomonidan kvotalangan ish o`rinlari bor. Bu kvotalangan ish o`rinlari odatda ko`p bolali ayollar, nogironligi bor fuqarolar, jazoni o`tash hududlaridan qaytganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun ajratilgan bo`ladi.
Ko`pincha korxonalar o`ziga muammo orttirishni istamagan holda ushbu kvotalarni ajratmaydilar. Shuning uchun biz korxonalar bilan maxsus kvotalar haqida gaplashib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ko`p bolali ayollarni ana shu o`rinlarga tavsiya etyapmiz. Undan tashqari, Xotin-qizlar qo`mitasining tashabbusi bilan mahallalardagi bo`sh yotgan joylarda turli sexlar tashkil etilib, u erlarga ayollarni ishga jalb etyapmiz. So`nggi olti oy yakunlariga ko`ra, yuqorida sanab o`tilgan yo`nalishlar bo`yicha jami 131 ming nafardan ortiq ayol ish bilan ta`minlandi. Undan tashqari, hozirda bir oygina pilla etishtirish bilan shug`ullangan, uyida ikkita sigir boqqan ayollarga mehnat daftarchasi ochishga ruxsat berilgan. Bu albatta, ayollarimizni ijtimoiy himoyalash uchun amalga oshirilmoqda”, deydi T.Norboeva.






