1

Ijarada yashagan ayol uy jihozlarini o`g`irlab ketdi

Jinoyat 12.09.2018, 11:25
Ijarada yashagan ayol uy jihozlarini o`g`irlab ketdi

Xalqimizda “Egilgan boshni qilich kesmaydi” degan maqol bor. Ko`p hollarda insonning qilgan xato ishidan chin ko`ngildan pushaymon ekanligini bildirishiga xalqimizga xos kechirimlilik, bag`rikenglik bilan javob qaytariladi.

Xorazm viloyati Urganch shahrida yashovchi yoshlikning o`yinqaroqlik damlaridan o`tgan, 37 yoshli Lolabibi Qaysarova (ism-sharifi o`zgartirilgan) o`ziga bildirilgan ana shunday ishonchni oqlamadi.

U 2017 yilning yanvar oyida firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybdor, deb topilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi. Mamlakatimizdagi insonparvarlik, kechirimlilik tamoyili asosida bu ayolga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 2017 yilning iyul oyida axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Lolabibi Qaysarova joriy yilning iyul oyida Urganch shahridagi uylardan birini ijaraga olib yashay boshlaydi. Uyning bir xonasida xonadon egasining buyumlari saqlanayotgani bois o`sha eshikka qulf o`rnatiladi. Lekin Qaysarova oradan ko`p o`tmay, berk xonaning qulfini buzadi. U erda saqlanayotgan umumiy qiymati 2 million 130 ming so`m bo`lgan gaz plitasi va 4 ta gilamni o`g`irlab ketadi.

Kunlarning birida ijarada yashovchining holidan xabar olish uchun kelgan xonadon egasi uydagi tartibsizlik hamda o`ziga tegishli jihozlarining yo`qligini ko`rib, ichki ishlar idorasiga murojaat qiladi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida Lolabibi Qaysarova kirdikorlari fosh etiladi. O`g`irlab ketilgan buyumlar egasiga qaytariladi.

O`zA xabariga ko`ra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1