AsosiyJamiyat

“Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko`rgazmasi boshlandi

'“Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko`rgazmasi boshlandi'ning rasmi

2018 yil 25 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi qaroriga asosan 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuniga bag`ishlab tashkil etilgan “Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko`rgazmasining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

– Bugun mamlakatimizda shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida kitob va kitobxonlikni keng targ`ib qilish, sohani yanada rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda, - deydi ochilish marosimida so`zga chiqqan O`zMAA Bosh direktori L.Tangriev. – Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi bizning oldimizga qo`yilgan vazifalarni bajarishdan tashqari, bolalarda kitob va kitob mutolaasiga muhabbat uyg`otishga xizmat qiladi deb o`ylaymiz. Yana bir maqsadimiz shuki, bolalar adabiyotlarini namoyish etish orqali, ular haqida o`quvchilarning fikrlarini bilish hamda kelgusidagi ishlarimizni shunga qarab rejalashtirishdir.

Ushbu festival va ko`rgazma O`zbekiston Matbuot va axborot agentligining Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi, shuningdek, viloyatlar Matbuot va axborot boshqarmalari tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog`lom va ma`naviy etuk avlod – yurt kelajagi” shiori ostida o`tkazilmoqda.

“Bolalar kitobi” respublika festivalini o`tkazishdan ko`zlangan maqsad – bolalar o`rtasida kitob mutolaasini targ`ib etish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularning intellektual salohiyati va ma`naviy saviyasini yuksaltirish hamda ularni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kutubxonalar va bolalar nashriyotlari bilan yaqindan tanishtirish.

- “Bolalar kitobi” respublika festivalini tashkil etishda qatnashgan barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildirgan holda, bu kabi tadbirlarning o`tkazilishi bolalarda kitob va kitob o`qishga qiziqishni yanada orttiradi, deb o`ylaymiz, - deydi O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o`rinbosari G`.Majid.

Festival doirasida O`zbekiston Milliy kutubxonasining kutubxona fondidan joy olgan bolalar adabiyoti namunalari ko`rgazmasi, mamlakatimizning etakchi nashriyotlari tomonidan nashr etilgan bolalar kitoblari, jumladan, mumtoz adabiyot namunalari, eng sara badiiy, ma`naviy-ma`rifiy, ensiklopedik kitoblar taqdimotlari bo`lib o`tmoqda, shuningdek, chegirmali kitob savdosi tashkil etilmoqda. Yosh kitobxonlar uchun bolalar shoirlari, yozuvchilari hamda bolalar adabiyoti nashriyotlarining noshirlari bilan ijodiy uchrashuvlar o`tkazilmoqda.

- Shu kunlarda kim beshta kitob o`qidi?, - degan savol bilan o`z tabrigini boshlagan O`zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon bolalarni kitobni sevishga, doimiy ravishda kitob mutolaa qilishga undadi.

Bundan tashqari Jajji kitobxonlar uchun bolalar asarlari bo`yicha tayyorlangan qiziqarli topshiriq va sarguzashtlarga boy kvest-o`yinlar, “Kitoblarni qutlaymiz!” mavzusida teatrlashtirilgan konsert dasturlari tashkil qilinmoqda.

Eslatib o`tamiz, “Bolalar kitobi” respublika festivali va kitoblar ko`rgazmasi Qoraqalpog`iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida 2018 yil 25-26 sentyabr kunlari bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar