Prezidentimizning 2017-yil 30-avgustdagi «Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorining ijrosini ta`minlash maqsadida sud tizimida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangi rasmiy veb-sayti ishlab chiqilgani va amaliyotga tatbiq etilayotgani zamonaviy texnologiyalarni sud- huquq tizimiga keng joriy etish borasidagi muhim qadam bo`ldi.
Bugun Oliy sud Plenumi zalida Oliy sudning yangi rasmiy veb-sayti va undagi interaktiv xizmatlar taqdimotiga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.
Tadbirda mamlakatimizda faoliyat ko`rsatuvchi xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, AQSh, Hindiston, Pokiston davlatlarining elchilari, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog`iston, Tojikiston, Qirg`iziston, Turkmaniston davlatlarining elchixonalari vakillari, vazirlik va idoralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Kamilov ochib berdi.
Avvalo, tadbirda Oliy sudning yangi rasmiy veb-sayti va unda fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so`z yuritildi.
– www.sud.uz, www.oliysud.uz va www.supcourt.uz manzillarida joylashgan Oliy sudning sayti qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta`minlash, sud faoliyatini ochiq va shaffof bo`lishini nazoratga olish, sud faoliyati samaradorligini oshirish, sud ishtirokchilari uchun qulaylik va imkoniyatlar yaratish uchun xizmat qiladi. Aslida, bizning saytimiz 2015-yilda ishlab chiqilgan edi. 3 yil ichida sud-huquq tizimida katta islohotlar ro`y bergani sababli zamonning o`zi yangi yondashuv asosida ishlashni vazifa qilib qo`ymoqda. Shunga ko`ra, yangi formatdagi saytimizda juda ko`p o`zgarishlar, yangiliklar qilingan. «Sud statistikasi» bo`limi, «Normativ hujjatlar loyihalari» bo`limi, «Infografikalar» bo`limi, «Huquqiy adabiyotlar» bo`limi, «Interaktiv xizmatlar» bo`limi, «Davlat boji kalkulyatori» bo`limi, xullas, bularning barchasi xalq bilan aloqa o`rnatish, ularning og`irini engil, uzog`ini yaqin qilish, fuqarolarning sud idoralarida sarson-sargardon bo`lishini oldini olish, sud xodimlarini ishlarni o`z vaqtida ko`rmasdan, odamlarni ovora qilish hollariga chek qo`yish uchun ishlab chiqilgan, – dedi Oliy sud Matbuot xizmati rahbari M.Ergashev.
Tadbirda fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarning interaktiv xizmatlari taqdimoti ham bo`lib o`tdi.
Ma`lumki, Oliy sud, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot Dasturining «O`zbekistonda qonun ustuvorligi yo`lida hamkorlik» qo`shma loyihasi doirasida fuqarolik ishlari bo`yicha barcha sudlarda keng joriy etilgan E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi fuqarolarga bir qator qulayliklar yaratish bilan birga soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta`minlashga xizmat qilmoqda. Endilikda ushbu tizim orqali fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarga elektron murojaat qilish bilan birga, sud majlislarining jadvali, sud majlisining kuni va vaqti haqida elektron xabardor bo`lish, barcha sud qarorlari bilan tanishish imkoniyati paydo bo`ldi.
Tadbirning eng muhim va asosiy qismi Prezidentimiz g`oyasi va tashabbusi bilan amalga joriy etilgan dunyoda birinchi marta doimiy ishlovchi – sud majlislarining onlayn translyasiyasini joriy etish taqdimotiga bag`ishlandi.Bu degani Oliy sudning veb-sayti orqali sud majlislarini bevosita to`g`ridan-to`g`ri kuzatish imkoniyatidir.
Albatta, sud majlislarining onlayn translyasiyasi fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta`minlagan holda va sud ishtirokchilarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Hozirda ushbu tizim Xorazm, Namangan, Surxondaryo viloyatlaridagi 12 ta sudlarga o`rnatilgan va ishga tushirilgan.
Ushbu taqdimot so`ngida AQShning O`zbekistondagi elchisi Pamela Leora Spratlen xonim ham so`zga chiqib, O`zbekistonda sud tizimida ochiqlik siyosatining amalga oshirilishi adolatli hayotni ta`minlashini ta`kidladi.
Haqiqatan ham, mazkur veb-saytning yaratilishi Prezidentimiz aytganlaridek, fuqarolarning xalqimizning sud tizimiga bo`lgan ishonchini qat`iy mustahkamlash, sudni tom ma`noda «Adolat qo`rg`oni»ga aylantirishda muhim bosqich bo`ladi.