2018 yilning 31 avgust kuni Facebook ijtimoiy tarmog`idagi “Xalq bilan muloqot /Dialog s narodom” guruhida Toshkent shahrida joylashgan 210-sonli umumta`lim maktabi hovlisida yuk mashinasi darsliklarni xuddi o`tinni tashlab ketganday qilib tashlashgani haqida xabar berilgan edi.
Xalq ta`limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ushbu holatni o`rganib chiqdilar va o`z ishiga mas`uliyatsiz munosabatda bo`lgan 210-sonli umumta`lim maktab direktori Dilfuza Saidmurodova o`z lavozimidan ozod etildi.
Shu bilan birga, Xalq ta`limi vazirligining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi rasmiy sahifasiga ushbu maktabda o`tkazilgan ta`mirlash ishlari yuzasidan shikoyatlar ham kelib tushdi.
Tekshiruvlar shuni ko`rsatdiki, 210-sonli umumta`lim maktabida qurilish-ta`mirlash ishlarini amalga oshirishda 56,5 mln. so`mga yaqin haqiqatda bajarilmagan ish hajmlarini qo`shib yozilgani, shuningdek, endilikda sobiq maktab rahbari o`quv muassasasi binosining buzilishidan chiqqan qurilish materiallarini va hududdagi daraxtlarni noqonuniy kesib, sotib yuborganligi holatlari aniqlangan.
Tekshirish natijasida aniqlangan faktlar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga qonun doirasida ko`rib chiqish uchun yuborildi.






