Oliy Majlisi Senatining o`n oltinchi yalpi majlisida Buxoro viloyatining G`ijduvon tumani va Navoiy viloyatining Konimex tumani chegaralarini o`zgartirish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdilar.
O`zAning yozishicha, davlatimiz rahbari joriy yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatning salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi g`oyalar ilgari surildi. Hudud mas`ullarga tegishli ko`rsatmalar, vazifalar bergan edi. Jumladan, Buxoro viloyatining G`ijduvon tumanidagi “Zafarobod” qo`rg`onini Navoiy viloyatining Konimex tumani hududiga qo`shib berish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Hududdagi “Zafarobod” qo`rg`onida bugungi kunda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qo`rg`onda 31 ko`p qavatli uy, 1 maktabgacha ta`lim muassasasi, 2 umumta`lim maktabi, 1tibbiyot muassasasi va boshqa qator tashkilotlar ishlab turibdi. Shunga qaramasdan bugungi kunda “Zafarobod”da o`z echimini kutayotgan ayrim masalalar mavjud.
Jumladan, “Zafarobod” qo`rg`onidan G`ijduvon tumani markazigacha bo`lgan masofa 80 kilometrni tashkil qiladi. Bu esa, aholining tez tibbiy yordam va ma`muriy idoralar xizmatidan foydalanish, ijtimoiy-maishiy ehtiyojlarini qondirishida noqulaylik tug`dirmoqda. Zafarobodlik kishi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun G`ijduvon tumani markazigacha kamida 80 kilometr masofani bosib o`tishi kerak. Bunga qariyb 2 soat vaqt ketadi. Bundan tashqari, qo`rg`onda 48 km ichimlik suvi, 26 km tabiiy gaz, 64 km elektr tarmoqlari, 5 km markazlashgan issiqlik tarmoqlari mavjud bo`lib, ularni modernizasiya qilish va ta`mirlash ishlari ham Navoiy kon-metallurgiya kombinati mablag`lari hisobidan amalga oshirib kelinmoqda.
Shuni inobatga olib hamda korxonaning Navoiy viloyatida joylashganligidan kelib chiqib “Zafarobod” qo`rg`onini viloyatning Konimex tumani tarkibiga o`tkazish haqida Senat qarori qabul qilindi.






