AsosiyJamiyat

Xitoy yozuvchisi Mo Yanning “Musallas mamlakati” romani nashrdan chiqdi

'Xitoy yozuvchisi Mo Yanning “Musallas mamlakati” romani nashrdan chiqdi'ning rasmi

Shu kunlarda “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi kitob ixlosmandlari uchun ajoyib tuhfa tayyorladi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, ustoz tarjimon Amir Fayzulla tomonidan o`zbekchalashtirilgan atoqli xitoy yozuvchisi Mo Yanning “Musallas mamlakati” romani nashr etildi.

Aksar o`quvchilar aynan xitoycha asarlarni uzundan-uzoq, murakkab matnlardan iborat, deya mutolaaga kirishishga qunt topolmasliklari bor gap. Ammo-lekin “O`zbekiston” NMIU tomonidan shu kunlarda “qaynoqqina tandirgan uzilgan” “Musallas mamlakati” asari sizning adabiyot haqidagi fikrlaringizni o`zgartiribgina qolmay, badiiy tafakkuringizni yana bir pog`ona ko`tarishi turgan gap.

Romandagi voqea-hodisalar 1989 yili bo`lib o`tadi. Nomdor xitoy yozuvchisi Mo Yan musallas haqida roman bitadi va voqealar prokuratura tergovchisi Din Gouer tergov-surishtiruv ishlarini o`tkazish uchun Szyugo deb atalmish erga yo`l olishidan boshlanadi. Aytishlaricha, o`sha erdagi partiya va boshqa oliy martabali zotlar go`dak go`shtini eb maza qilishar emish. Jinoyatchilarning g`ayriinsoniy qilmishlarini fosh etishga bel bog`lagan bosh qahramonni o`ta ustamonlik ila ichirib qo`yishib, qariyb hushsiz holatga keltirishadi. Ustiga ustak, Gouerni yo`ldan og`dirmoq niyatida unga makkora haydovchi ayolni duchor qilishadi.

Bu voqealar bilan bir qatorda “Musallas mamlakati”ga Mo Yan va uning “shogird”i – musallasshunoslik fanlari nomzodi Li Idouning yozishmalari singdirilgan. Bu Li Idouning birgina maqsadi – dongdor yozuvchi bo`lish. Li Idou ustoziga 8 ta asar bilan birga oliy navli musallas ham jo`natadi. Alaloqibat, musallas haqida roman yozmoqchi bo`lgan bosh yozuvchi nafaqat o`zining bosh qaramoni Din Gouerning tergovini oxiriga etkazadi, balki o`zi ham yovuzlik qa`riga tushib qoladi.

Bularning barchasiga chexovona “Mutafakkir qo`shnimga maktub” ruhidagi nozik istehzo, badanini tanga qoplagan o`smir, oshiq pakana va “bo`rdoqi” bolalarni qo`shadigan bo`lsak, “Musallas mamlakati”ning takrorlanmas, o`ziga xos uslubini ko`rish mumkin bo`ladi. Mo Yanning tili shu qadar boy, obraz va metaforalarga boyki, hatto asarda aks ettirilmish tubanliklar bilan ham yozuvchi uslubi va xayolotiga tan bermay iloj yo`q.

Garchi 2012 yili Mo Yan aynan mana “Musallas mamlakati” romani uchun adabiyot bo`yicha Nobel mukofoti sovrindoriga aylangan bo`lsa-da, asar syujetining ko`p qatlamliligi, xayoliymi yoki chindanmi, go`daklardan taom tayyorlash va tanovul qilish sahnalaridan nedir ichki bir o`rtanish ila o`quvchini o`yga cho`mdirishi aniq. Lekin shuni ta`kidlash lozimki, so`nggi o`n yillikda hali bunday uslubda bironta ham asar yaratilmadi, qolaversa, asar engil o`qilsa-da, kitobxonni chuqurroq va xolisanillo fikrlashga majburlaydi (ha, majburlaydi, undaydi emas), tevarakka, odamlarga bugungi shiddatli nigoh bilan emas, teranroq razm solishga, inson qalbi deb atalmish makonga sayr etishga chorlaydi.

Nobel qo`mitasi tomonidan ta`kidlanganidek, Mo Yanning asarlarida “alahsirash aro reallik xalq ertaklari, tarix va zamonaviylik birlashib ketgan”. Bularning barchasini, siz, aziz kitobxonlar, “Musallas mamlakati”da uchratasiz. Shunday ekan, chinakam adabiyot ixlosmandlarini Mo Yanning ko`ngilni iydirish bilan bir qatorda “shafqatsiz”, inson ongi shuuriga yashiringan sirlarni fosh qiluvchi, o`zni va o`zgani anglashga ko`mak beruvchi olamiga chorlab qolamiz. Zero, bizdan talab qilinadigani ham o`qish va uqishdir.

Saidjalol Saidmurodov

    Boshqa yangiliklar