AsosiyJamiyat

Millatlararo do`stlik rishtalarini mustahkamlagan forum

'Millatlararo do`stlik rishtalarini mustahkamlagan forum'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan O`rta Osiyo yoshlarining xalqaro «Do`stlik» forumi qo`shni davlat yoshlarining o`zaro tajriba almashishlari, turli global muammolar ustida birgalikda echim izlashlari uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda.

Mazkur forumga Qirg`iziston, Qozog`iston, Afg`oniston mamlakatlaridan jami 22 nafar yoshlar ishtirok etishmoqda. Termiz xalqaro aeroportida tantanali kutib olingan O`rta Osiyo yoshlari Termiz shahridagi xalqaro yoshlar oromgohiga joylashishdi. So`ng ular uchun O`rta Osiyoda yagona hisoblangan Termiz arxeologiya muzeyi bo`ylab ekskursiya uyushtirildi. Tanishuv oqshomida esa turli millat yoshlari o`zlarining qiziqqan sohalari va olib borayotgan faoliyatlari to`g`risida fikr almashishdi.

Forumning ochilish marosimi Termiz shahridagi «Yoshlar markazi» binosida bo`lib o`tdi. Marosimda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari D.Kattaxanova, viloyat hokimining birinchi o`rinbosari T.Bobolov mamlakatda yoshlarga qaratilayotgan e`tibor, millatlararo totuvlik, madaniy aloqalar rivojining muhim jihatlariga to`xtalib, forum ishtirokchilarini «Do`stlik bayrami» bilan samimiy qutladi. Shundan so`ng, yoshlar Termiz tumanidagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markaziga tashrif buyurdilar.

Ayni vaqtda markazda 122 nafar afg`onistonlik yoshlar ta`lim olishmoqda. Ta`kidlash joizki, ushbu tashrif afg`onistonlik yoshlarning tengdoshlari bilan o`zaro fikr almashishlari, turli mavzularda muloqotga kirishishlarida ayni muddao bo`ldi.

– Ochig`i, bu ta`lim markazi bizni lol qoldirdi. Markazda yaratilgan shart-sharoitlar, o`quv xonalari, turli to`garaklar – barchasi eng zamonaviy jihozlar bilan ta`minlangan. Afg`onistonlik tengdoshlarimizning qilgan ishlari, yaratgan san`at asarlari esa bizni yanada hayratlantirdi. Bu ta`lim markazi mamlakatingizda qardosh millat vakillariga ko`rsatilgan hurmatning yaqqol namunasidir, – deydi qozog`istonlik Bo`latbek Ualixan.

Forum ishtirokchilari uchun Tarixiy «Islomxo`ja» filmining namoyishi ham tashkil etildi.

– Termiz shahridagi ta`lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalariga sayohat, «Maqom, baxshilik kechasi», «Milliy raqslar festivali» kabi turli madaniy dasturlar tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat Kengashi raisi Sh.Olimov. – Maqsadimiz qo`shni mamlakatlar bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash, xalqaro munosabatlarda yoshlarning faolligini yanada oshirish va eng asosiysi, forum yoshlarining o`zbek milliy madaniyati merosidan bahramand qilishdir.

Eslatib o`tamiz, forum doirasida O`rta Osiyo yoshlari o`rtasida arxitektura, ekologiya, fan va ta`lim yo`nalishlari bo`yicha ilmiy-amaliy konferensiyalar ham tashkil etiladi. Anjumanlarda har bir davlat vakili o`zi tayyorlab kelgan maxsus taqdimot bilan ishtirok etadi.

    Boshqa yangiliklar