Davlat mulki ob`ektlarini va er uchastkalariga bo`lgan huquqlarni tadbirkorlik sub`ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Farmonga muvofiq 2019 yilning 1 apreliga qadar davlat ob`ektlari va erlarga bo`lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo`yicha eksperiment o`tkaziladi.
Eksperiment doirasida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlariga quyidagi huquqlar berildi:
- bo`sh turgan davlat ob`ektlarini 1 so`mga teng qiymatdagi boshlang`ich narxda (keyingi har bir qadam 1 mln so`mdan) elektron auksion orqali sotish;
- erlar va bo`sh turgan davlat ob`ektlarini investisiyaviy (kamida 1 mln. AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar yuklangan holda auksion o`tkazmasdan sotish;
- sug`orilmaydigan erlar toifasiga kiradigan erlardan 50 yilga foydalanish huquqini investisiyaviy (kamida 1 mln. AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar yuklangan holda sotish;
- avtomobil yo`llariga tutash hududlardagi har qanday erlarni yo`lbo`yi va turistik infratuzilma ob`ektlarini qurish uchun elektron auksion orqali sotish;
- savdo-ko`ngilochar va umumiy ovqatlanish ob`ektlari faoliyati tungi vaqtda cheklashga yo`l qo`yilmaydigan hududlarni tashkil etish.






