1

​Jiyanini farzandini sotgan amma jazoga tortildi

Jinoyat 15.10.2018, 14:24
​Jiyanini farzandini sotgan amma jazoga tortildi

2018 yilning 2 iyul sanasida jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudi binosi ochiq sud majlisida Oydin Sattorova (maqoladagi ism- shariflar o`zgartirildi) va Malika Dadajonovaga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi.

Bu ayollar oldindan o`zaro til biriktirib, 2018 yil 24 martda M.Dadajonovaning jiyani Nigina Ismoilovaning o`g`il jinsli chaqalog`ini tug`uruq bo`limidan olib chiqib, bola savdosi jinoyatini sodir etishgan. Sudlanuvchilar pul oldi–berdisi mahali qo`lga olingan.

44-xonadondagi ayol

Oydin Sattorova avvaldan bola savdosini reja qilmagan bo`lishi mumkin. Ammo singlisi – Farangizning tashrifidan so`ng uni ayni masala qiziqtirib qo`yadi.

Farangiz Quva tumanida yashovchi Ziyoda ismli ayol sakkiz yildan beri farzandsizligi va bola asrab olmoqchiligini aytadi.

– G`alati ayol ekan, opa. Menga «Bolangizni menga bering, boqib olaman. Qancha so`rasangiz beraman», dedi. Chunonam achchig`im keldiki, hech qachon bunga rozi bo`lmayman, deb qattiq gapirdim, – deya bo`lib o`tgan voqeani so`zlab bergan singlisiga Oydin maslahat soladi.

– Agar o`sha ayol yana qo`ng`iroq qilsa unga mening raqamimni ber. Qanday gaplashish kerakligini o`zim bilaman! – deydi opa.

Oradan bir–ikki kun o`tib, o`zini Ziyoda deb tanishtirgan ayol O. Sattorovaga qo`ng`iroq qiladi.

– Sakkiz yildan beri bo`yimda bo`lmaydi. Ko`p marta davolandim. Natijasi bo`lmadi. Oilam buzilishidan qo`rqaman. Agar tanish–bilishlaringizda chaqaloq bo`lsa, menga xabar qiling, xarajatidan qochmayman.

Ziyodaga o`zicha ichi achigan O.Sattorova bola topishda yordam berishini aytib, harakatga kirishadi.

O.Sattorova shahardagi o`zi bilgan oilaviy poliklinika ginekologi qabuliga yoziladi.

– Sog`ligimda muammo yo`q. Aslida, bu erga boshqa maqsadda keldim. Shu yaqin orada nikohsiz tuqqan yoki hali ko`zi yorimagan ayollarni surishtirayotgandim. Bir tanishim bola asrab olmoqchi. Harna savob bo`ladi, deb yordam beryapman.

O`zicha tanishining gapini ma`qullagan shifokor unga shu yaqin atrofdagi mahalla nomini aytib, 44-uyda yashovchi qiz nikohsiz homilador bo`lib qolganini daraklaydi.

Shifokorning shu kunlarda qizning ko`zi yoriydi, degan gapidan o`zicha quvongan O.Sattorova 44–xonadonga yo`l oladi.

«Kuyinchak» amma

Oydin Sattorova aytilgan manzilni topgach, haqiqatan ham, nikohsiz homilador bo`lib qolgan qiz haqida biladi. 44-uyda yashovchi Malika Dadajonova jiyani haqida so`zlab berib, qanday qilib bo`yida bo`lib qolgani va yaqin kunlarda ko`zi yorishini ma`lum qiladi.

O.Sattorova nima maqsadda kelganini bayon qilgach, M.Dadajonova tug`ilajak bolani sotish haqida o`ylab qoladi. Ayollarning o`zaro kelishuviga ko`ra, agar o`g`il tug`ilsa, chaqaloq 2 500 AQSh dollariga baholanadi.

Malika Dadajonova bilan bo`lib o`tgan uchrashuvdan so`ng O.Sattorova Ziyodaga qo`ng`iroq qilib, Qo`qonga etib kelishini tayinlaydi. Bir necha kun o`tib, Ziyoda turmush o`rtog`im deb tanishtirgan erkak bilan birga O.Sattorova bilan uchrashadi. Uchovi Noila joylashtirilgan tug`uruqxonaga yo`l olishadi.

Ziyoda yaqinda ko`zi yorigan Noila bilan ko`rishadi. Noila bolani berishga roziligini aytgach, O.Sattorova boshchiligida Malika Dadajonova to`rtovi tashqariga chiqishadi.

M.Dadajonova bola uchun 2 500 AQSh dollari berayotganini hech kimga, hatto Noila va uning ota–onasiga ham aytmasliklarini so`raydi.

Noilaning tug`uruqxonadan chiqish vaqti etganida O.Sattorova va M.Dadajonova Ziyodadan aytilgan pullarni olishadi. Oldi–berdi mahali fuqarolik kiyimidagi shaxslar voqea joyiga etib kelib, ularni hibsga olishadi.

Ma`lum bo`lishicha, Noila Ismoilova Malika Dadajonovaning jiyani, ya`ni akasining qizi. Noila turmushga chiqmay turib, homilador bo`lib qolgach, otasi undan yuz o`giradi. Uyidan haydalgan qiz ammasinikida yashay boshlaydi. Oydin Sattorovaning tashrifidan so`ng Malika Dadajonova akasi bilan uchrashadi va undan Noilani kechirishini so`raydi. Bo`lib o`tgan voqealardan boshi egik otaning ko`ngli yumshab, qizini kechirishi, faqat tug`ilajak bolani qabul qilmasligini aytadi. Shundan so`ng M.Dadajonova kelinoyisi bilan birga Noilani o`rtaga olishadi. Noila «Farzandim tug`ilgach, uni befarzand oilaga berishni o`ylayapman», deya fikrini ma`lum qiladi. Ayni so`zlarni kutayotgan M.Dadajonova paytdan foydalanib, O.Sattorovaning tanishi Ziyoda haqida so`z ochadi. Uddaburon amma jiyani o`z xohishi bilan ko`nganidan quvonib, undan bolani berishi haqida tilxat yozdirib oladi. Tilxat Noilaning ota–onasi tomonidan tasdiqlanadi. Qolganidan xabaringiz bor.

Aldangan qiz

Sudda guvoh sifatida qatnashgan Noila Ismoilova 2017 yil may oyida tanishi – Muzaffar ismli yigit uni aldab, nomusiga tekkanini so`zlab berdi. Shu voqeadan keyin u homilador bo`lib qoladi. Noilaning ko`rsatmasida keltirilishicha, u 2018 yil yanvar oyi o`rtalarida farzand kutayotganini bilgan. Bu vaqtga kelib homila 32-haftalik edi.

Qizining yukli ekanidan xabar topgan ota Noilani uydan haydab yuboradi. Homilador ahvolida xor–zor bo`lishidan qo`rqqan ona jigargo`shasini qaynsinglisinikiga joylashtiradi. Amma esa jiyanidan o`z manfaati yo`lida foydalanadi.

Noila Ismoilovaning ko`rsatmasida keltirilishicha, otasi bilan qo`ng`iroqlashgach, farzandini bola asrab olmoqchi bo`lgan oilaga berishga rozi bo`lgan. Otasi bola uchun pul olmasligini, faqat shifoxona xarajatlarigagina yordam ko`rsatishlari mumkinligini tayinlagan. Sudda Noila o`g`li uchun bir so`m ham olmaganini, bu haqida umuman gap bo`lmaganini ma`lum qilgan.

Jinoyat jazosiz qolmasligi aniq. Oydin Sattorova va Malika Dadajonova JKning 135-moddasi, 3-qismi, «a» bandi bilan aybli deb topildi. Ularga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati hamda jinoyat ishlari bo`yicha

Farg`ona viloyati Qo`qon shahar sudi sudyasi Elyor Hakimov bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1