Besh kun davom etgan O`rta Osiyo yoshlarining Xalqaro «Do`stlik» forumi Markaziy Osiyo xalqlarining maqsadlari bir, g`oyalari mushtarak ekanligini yana bir bor isbotladi. Ushbu qisqa vaqt ichida forum ishtirokchilari qadim Surxon vohasining tarixi, madaniyati, urf-odat va an`analari bilan yaqindan tanishish bilan birgalikda, turli konferensiyalarda ham qatnashishdi.
O`zaro muloqot jarayonida forum a`zolari O`rta Osiyo mamlakatlarida yoshlarga oid davlat siyosati qay darajada tashkil etilganligi, ushbu siyosatda qaysi jihatlarga ko`proq e`tibor qaratish lozimligi xususida ham fikr almashishdi.
Forum nihoyasida Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk bor yoshlar o`rtasida memorandum imzolandi. Afg`oniston, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston delegasiyasi a`zolari tomonidan imzolangan 11 banddan iborat ushbu memorandumda «Do`stlik» forumini ishtirokchi davlatlar hududida doimiy ravishda tashkil etish, shu orqali yoshlar o`rtasida madaniy almashinuv dasturlarini yo`lga qo`yish, Orolbo`yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, ta`lim muassasalarida robototexnikani rivojlantirish, yoshlar turizmini yo`lga qo`yish kabi bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ayniqsa, Termiz tumanidagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazi talabalari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan «Afg`oniston-boshqalar nigohida» deb nomlangan loyiha barcha uchun chinakam yangilik bo`lganini e`tirof etish joiz. Endilikda memorandumda ko`rsatib o`tilgan kelishuvlar yuzasidan yo`l xaritasi ishlab chiqiladi va uni amaliyotga tatbiq etish borasida ishlar olib boriladi.






