Shu kunlarda poytaxtimiz Toshkent shahrida dzyudo bo`yicha nufuzli Gran-Pri turniri bo`lib o`tmoqda. Musobaqada jahonning 47 mamlakatidan 350 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Bugun, 10 noyabr kuni ushbu Gran-Pri turnirining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Unda Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ham ishtirok etdi. MOQ Bosh kotibi so`zga chiqar ekan, musobaqa yurtimizda katta qiziqishga sabab bo`layotgani haqida gapirdi.
«Dzyudo O`zbekistonda eng ommaviy sport turlaridan biri hisoblanadi. Shunday ekan, Gran-Pri turniri hamyurtlarimiz orasida ham katta qiziqishga sabab bo`lmoqda. Yurtimiz bungacha bir qator nufuzli bahslarga mezbonlik qilgan. Ishonchim komilki, ushbu Gran-Prini ham yuqori saviyada o`tkaza olamiz. Fursatdan foydalanib, musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tilayman. Turnirda eng kuchlilar g`olib bo`lsin», – dedi Jasur Matchanov.
Shuningdek, tadbir davomida O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, Xalqaro dzyudo federasiyasi sport direktori Vladimir Bartalar so`zga chiqishdi va o`zlarining eng samimiy tilaklarini izhor etdilar.
So`ngra O`zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi va musobaqa rasman ochiq deb e`lon qilindi.
Ochilish marosimidan so`ng musobaqaning ikkinchi kunidan o`rin olgan final janglariga start berildi.













