Professional ringda faoliyat olib borayotgan bokschimiz Azizbek Abdug`ofurov bugun Filippinda o`zining navbatdagi jangini o`tkazdi. Bu haqda MOQ xabar bermoqda.
Jangda bokschimizga xitoylik Vujati Nuerlang raqiblik qildi. Bahs to`liq 12 raund davom etdi va yakunda hamyurtimiz ochkolar hisobiga ko`ra g`alaba qozondi (117:111, 118:111, 117:110).
Ushbu g`alaba orqali Abdug`ofurov o`zining WBC Silver kamarini munosib himoya qildi.
Ma`lumot uchun, Azizbek Abdug`ofurovning professional boksdagi janglari soni bugungisi bilan qo`shib hisoblaganda 12 taga etdi. Hamyurtimiz janglarining barchasida g`alaba qozongan. To`rtta jangda u raqiblarini nokautga uchratgan. Nuerlang esa bugun faoliyatidagi 13-jangini o`tkazdi. U bungacha 11 marotaba raqiblarini mag`lubiyatga uchratgan (9 tasida nokat evaziga). Abdug`ofurovga qarshi jangda u faoliyatidagi ikkinchi mag`lubiyatini qabul qilib oldi.






