1

O`zbek qizlarini Pokistonga sotib kelgan jinoiy guruh qo`lga olindi

Jinoyat 20.11.2018, 10:37
O`zbek qizlarini Pokistonga sotib kelgan jinoiy guruh qo`lga olindi

Yillar davomida o`zbek qizlarini xorijga sotib kelgan yana bir jinoiy guruh qo`lga olindi. Guruhga boshchilik qilib kelgan Gulyuz Yusupova (maqoladagi ism–shariflar o`zgartirildi) O`zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi, 3-qismi, «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

To`rt ayol va aldangan qiz

Ma`lum bo`lishicha, Gulyuz Yusupova 2011 yilning yoz oyi o`rtalarida Dilnoza Pirimqulova, Zulfiya Yusupova, Surayyo Akromova va dastlabki tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo`lmagan noma`lum kimsalar bilan o`zaro til biriktirib, jinoiy guruh tuzgan. Ushbu guruh qizlarni aldov yo`li bilan xorijga olib chiqish va u erda fohishalikka majburlash bilan shug`ullangan.

Sud hujjatidan: Gulyuz Yusupova 1982 yilning noyabr oyida Toshkent shahrida tug`ilgan. Ma`lumoti o`rta, turmushidan ajrashgan, bir nafar voyaga etmagan farzandi bor. Muqaddam sudlanmagan.

Odam savdosi bilan ilk marotaba shug`ullanayotgan bo`lsa-da, G.Yusupova guruhni qanday boshqarish kerakligini yaxshi bilgan. U har bir guruh a`zosiga aniq vazifa belgilab, ishni shaxsan o`zi nazorat qilgan. Shunga ko`ra, guruh a`zolari Z.Yusupova va S.Akromova O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini aldov yo`li bilan Pokiston Islom Respublikasiga jo`natish uchun mas`ul bo`lishgan. Dastlabki tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo`lmagan kimsalar guruh rahbari tomonidan yuborilgan pullar hisobiga yollangan shaxslarni Qozog`iston Respublikasi va Turkiya davlatida kutib olib, Pokistonga o`tib olishlarini nazorat qilishgan.

Pokistonning Karachi shahrida qizlarni kutib olish, ularni joylashtirish va keyinchalik fohishalik bilan shug`ullanishga majburlash vazifalarini shaxsan guruh rahbari Gulyuz Yusupova va guruh a`zosi Dilnoza Pirimqulovabajarib kelgan.

2011 yilning iyul oyida uyushgan guruh xorijda ishlab, pul topishni maqsad qilgan fuqaro – Oydin Xolmatovani o`z «qaramog`iga» oladi. G.Yusupova qizni Pokistonga yuborishi va u erda kiyim–kechak fabrikasiga ishga joylashishga yordam berishini aytib, ishontiradi.

Oydin Xolmatova dastlabki tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo`lmagan kimsalar yuborgan pul hisobidan Qozog`istonga etkaziladi. U erdan guruh rahbari tomonidan tayinlangan «odam» qizni Turkiyaning Istanbul shahriga yuboradi. Pokistonga etib kelganida esa uni Gulyuz Yusupova va Dilnoza Pirimqulova kutib olishadi.

Butun parvoz davomida fabrikada ishlab pul topishni, oilasiga yordam berishni xayol qilgan O.Xolmatova aldanganini bilganida kech bo`lgandi. G.Yusupova dastlabki tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo`lmagan kimsalar rahnamoligida qizning pasportini olib qo`yib, uning erkinligiga daxl qiladi. Va 2013 yilning 30 iyuniga qadar fohishalik bilan shug`ullanishga majburlaydi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tumani sudining 2014 yil 15 apreldagi hukmiga ko`ra, sudlanuvchilar D.Pirimqulova va Z.Yusupova JKning 135-moddasi, 3-qismi, «g» bandi bilan aybli deb topilib, ikkisiga ham tegishli jazo tayinlangan.

Shalola bilan tanishuv

Sodir etgan jinoyati uchun jazo olishi muqarrar bo`lgan Gulyuz Yusupova sudda o`zigaqo`yilgan ayblovni mutlaqo inkor etdi.

Gulyuz Yusupova:

— 2008 yil aprel oyida tanishim Farida Oqilova bilan birga Pokiston Islom Respublikasining Loxor shahriga etib keldik. Aeroportda bizni Jamila ismli ozaybayjonlik ayol kutib oldi va Karachidagi Shalolaning uyiga olib bordi. U erda men Dilnoza Pirimqulova va ozarbayjonlik Parvina ismli qiz bilan tanishdim. Surishtirsam, qizlar Shalolaning uyida fohishalik bilan shug`ullanishar ekan.

Sudlanuvchining ko`rsatmasida aytilishicha, Shalola qizlarga imkoniyat bergan, ya`ni uning roziligi bilan G.Yusupova va boshqalar mijozlarning uyiga borib, fohishalik bilan shug`ullanishlari mumkin bo`lgan.

G.Yusupova fohishalik bilan shug`ullanganini yashirmadi. Ammo uyushgan guruhga rahbarlik qilganini, odam savdosiga aralashganini inkor etdi.

Gulyuz Yusupova:

— Onam bilan telefon orqali gaplashib turardik. Galdagi suhbatlarimizdan birida u menga Oydin ismli qiz haqida aytib qoldi. «U ham Pokistonga ketmoqchi, ishlab pul topmoqchi. Ammo yo`l xarajatlari uchun mablag`iyo`q» deya yordam berishimni so`ragan onamdan qiz bilan internet orqali gaplashtirishini so`radim.

Sudlanuvchi ko`rsatmasini davom ettirib, Oydin Xolmatova bilan onlayn muloqot qilgani, undan ilgari fohishalik bilan shug`ullanganmi-yo`qmi, surishtirganini so`zlab berdi. Aytishicha, O.Xolmatova bu «ish»dan xabari borligini, avvallari Dubay va Turkiya davlatlarida mijozlarga intim xizmat ko`rsatish bilan shug`ullanganini ma`lum qilgan.

Gulyuz, Oydin haqida Shalolaga xabar bergach, u qiz bilan skayp orqali gaplashadi. So`ng yo`l xarajatlarini to`liq o`z zimmasiga olib, uni Pokistonga keltiradi.

Gulyuz Yusupova:

— Oydin, Shalola bilan qanday shartlashgan, bilmayman. Men undan hech qanday moddiy manfaat ko`rmadim. Ishlab topgan pullarimni Shalolaga topshirib, o`zaro kelishuvimizga ko`ra, o`zimga tegishli qismini oldim va 2012 yil, iyul oyida Toshkentga qaytdim.

Sudlanuvchi G.Yusupova bir necha bor Toshkentga kelib-ketgan. Har safar Pokistonga qaytganida Shalola bilan uchrashgan va uning qo`lida fohishalik bilan shug`ullanishni davom ettirgan. 2014 yilning fevral oylarida G.Yusupova O`zbekiston Respublikasida qidiruvda ekanidan xabar topadi. Ammo shunga qaramay, fahsh ishlar bilan shug`ullanishda davom etadi.

Suddagi ko`rsatmasida G.Yusupova 2017 yilning yanvar oyiga qadar Shalolaning qo`lida fohishalik bilan shug`ullanganini aytadi. 2017 yilning 27 oktyabr sanasida Loxor aeroporti orqali O`zbekistonga qaytgan mahali hujjatlarini chegara nazorati xodimlari tekshirishadi va uning qidiruvdagi shaxs ekani ma`lum bo`ladi.

Gulyuz Yusupova JKning 135-moddasi, 3-qismi, «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga sakkiz yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi

hamda jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tuman sudi sudyasi

Muzaffar Kukiev bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1