Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yashovchi 83 yoshli mehnat faxriysi Muxtor Shapsanov Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining fizika fakulteti talabalari uchun Muxtor Shapsanov nomidagi stipendiya ta`sis etdi. Bu haqda qashqadaryolik ijodkor Lola O`roqova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma`lum qildi.
Stipendiya fakultet kengashi qaroriga asosan yuqori kurslarda tahsil oluvchi 2 nafar a`lochi talabaga beriladi.
Muxtor ota birinchi stipendiyalarni fizika fakultetining uchinchi va to`rtinchi bosqichida tahsil oluvchi namanganlik va buxorolik talabalarga 30 oktyabr kuni topshirgan.
— Stipendiya bundan keyin har oyning 8-sanasida topshiriladi, – deydi Muxtor ota. – Nasib etsa, 6 dekabr kuni Toshkentga ketayapman. 8 dekabr – Konstitusiya bayrami arafasida eng iqtidorli 2 nafar talabaga stipendiyani berib qaytaman.
Muxtor Shapsanov nomidagi stipendiyaning miqdori 600 ming so`mni tashkil qiladi.