Qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqish uchun to`lovlarni to`lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Farmonga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to`lovlar to`liq va o`z vaqtida to`lanishini ta`minlash Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshiradi.
2019 yil 1 yanvardan boshlab:
- qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to`lovlar aholi tomonidan yagona tranzit bank hisobvaraqlariga to`lanadi va ushbu to`lovlar keyinchalik Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus g`azna hisobvaraqlariga o`tkaziladi;
- maxsus g`azna hisobvaraqlarida jamlangan mablag`lar faqatgina xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar tomonidan chiqindilarni to`plash va olib chiqish bo`yicha xizmatlar haqini markazlashgan tartibda to`lashga, sanitar tozalash markazlari va Sanitar tozalash bo`yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi faoliyatini moliyalashtirishga, chiqindilar bilan bog`liq infratuzilmani rivojlantirishga yo`naltiriladi;
- jismoniy shaxslar tomonidan chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to`lovlar olti oydan ortiq to`lanmagan taqdirda Davlat ekologiya qo`mitasining hududiy organlari tomonidan qarzdorlikni undirish to`g`risidagi arizalar sudlarga kiritiladi.
Bundan tashqari Farmon bilan Davlat ekologiya qo`mitasi hududiy organlari huzurida sanitar tozalash xizmatlari tashkil etilib va ularning vazifalari belgilab berildi.






