1

ParaOsiyo o`yinlari. Hamyurtlarimiz ertalabki musobaqalarda yana uchta medalga sazovor bo`ldilar

Sport 24.10.2014, 11:40
ParaOsiyo o`yinlari. Hamyurtlarimiz ertalabki musobaqalarda yana uchta medalga sazovor bo`ldilar
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o`tkazilayotgan ParaOsiyo o`yinlarida bugun so`nggi kun musobaqalari (sportning oltita turi bo`yicha) o`tkaziladi. 
E`tiborlisi, engil atletikaning ertalabki dasturdan o`rin egallagan yo`nalishlari bo`yicha o`tkazilgan final bahslarida hamyurtlarimiz bittadan oltin, kumush va bronza medaliga sazovor bo`ldilar. 
Delegasiyamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni 400 metr masofaga yugurishda Faxriddin Hamroev keltirdi. Belgilangan masofani 00:50.19 soniyada bosib o`tgan mardonavor sportchimiz bir yo`la ham Osiyo, ham ParaOsiyo o`yinlari rekordini yangilashga muvaffaq bo`ldi. 
Shu tariqa, Faxriddin Hamroev tomonidan mazkur ParaOsiyo o`yinlarida qo`lga kiritilgan oltin medallar soni to`rttaga etdi. Bunga qadar tajribali sportchimiz 200 m., 800 m. va 4x100 metrga estafeta yugurish musobaqalarida shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarilgan edi. 
Ta`kidlash joizki, bunday ko`rsatkichga suzish bo`yicha bo`lib o`tgan musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilgan Kirill Pankov ham ega. 
 
Bugun o`tkazilgan musobaqalarda kumush medalga Miran Saxadov sazovor bo`ldi. Bunga qadar bittadan oltin va kumush medalni (4x100 metr va 200 metr masofaga yugurish) qo`lga kiritgan Miran Saxadov bugun 400 metr masofaga (T11) yugurish musobaqasida 00:55.04 soniya natijani qayd etib, kumush medal sovrindori bo`ldi. 
 
ParaOsiyo o`yinlarida 800 metr masofaga yugurish bo`yicha bo`lib o`tgan musobaqada bronza medaliga sazovor bo`lgan Sirojiddin Norov medallar kolleksiyasiga yana bir bronza medalini qo`shib qo`ydi. 1500 metr masofaga yugurish bo`yicha o`tkazilgan musobaqalarda hamyurtimiz belgilangan masofani 04:10.48 soniyada bosib o`tdi. 
Ayni paytga kelib O`zbekiston delegasiyasi hisobida 22 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medali mavjud. 
Eslatib o`tamiz, ParaOsiyo o`yinlarida engil atletikachilarimiz hozircha jami 15 ta (8 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza) medalni, suzish musobaqalarida Kirill Pankov (4 ta) va Dmitriy Xorlin (3 ta) jami 7 ta oltin medalni, dzyudo ustalarimiz esa jami 9 ta medalni (7 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza) qo`lga kiritishgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1