Farg`ona viloyati Beshariq tuman prokuraturasi tomonidan bitiruvchilarni ish bilan ta`minlash jarayoni monitoring qilindi. Monitoring davomida tumandagi ba`zi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari tomonidan ishga joylashganlik haqida soxta hujjatlar taqdim etilgani aniqlandi.
Masalan, rasmiy ma`lumotda tumandagi Ijtimoiy-iqtisodiyot kollejini 2013-2014 o`quv yilida bitirgan talabalarning 451 nafari ishga joylashtirilgan. Hujjatlarda kollej bitiruvchilaridan biri "Yaxshiev G`ulomjon orzusi" fermer xo`jaligida ish boshlagan. Biroq tekshirishlarda tuman hokimining 2008 yil 11 noyabr kungi qarori bilan ushbu fermer xo`jaligining faoliyati tugatilganligi aniqlandi. Bitiruvchi nomiga ochilgan mehnat daftarchasiga esa ishchi vazifasiga qabul qilingani to`g`risidagi soxta ma`lumotlar kiritilib, tugatilgan fermer xo`jaligiga tegishli muhr bilan tasdiqlangan.
Ushbu kollejning yana uch nafar bitiruvchisi umumta`lim maktablariga ishga qabul qilingani haqida ma`lumot berilgan. Biroq ularning maktabda ishlamayotgani ma`lum bo`ldi.
Shuningdek, tumandagi Tibbiyot kollejini 2013-2014 o`quv yilida bitirganlarning 145 nafari ish bilan ta`minlangani haqidagi ma`lumotlarda ham ko`zbo`yamachilikka yo`l qo`yilganligi fosh bo`lib qoldi. Xususan, bitiruvchilardan birining mehnat daftarchasiga "Usmonobod" fermer xo`jaligiga ishga qabul qilingani haqida soxta yozuv kiritilib, muhr bilan tasdiqlangan. Tekshirishda aniqlanishicha, ushbu fermer xo`jaligining faoliyati tuman hokimining 2014 yil 7 mart kungi qarori bilan tugatilgan.
Faoliyati tugatilgan fermer xo`jaliklaridan tashqari, hali ish boshlamagan muassasaga ham bitiruvchilarning ishga qabul qilingani haqida soxta buyruqlar chiqarilganligi ayon bo`ldi. Ana shunday buyruq bilan hamshiralik yo`nalishi bitiruvchisi garchi tuman hokimligi inspeksiyasida ro`yxatdan o`tgan bo`lsa-da, faoliyatini boshlamagan "Beshariq shifo maskani" xususiy korxonasiga ishga qabul qilingan.
Monitoringda aniqlangan mazkur kollejlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish borasidagi qonunbuzilishi holatlariga nisbatan tegishli prokuror nazorati hujjatlari qo`llanildi va bitiruvchilarni ishga joylashtirish choralari ko`rildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar qiladi.





