Amerikalik olimlar kakao keksalik davridagi zaiflikka qarshi eng kuchli vosita ekanligini aniqladi. Ma`lum bo`lishicha, kakao donalari tarkibidagi flavonollar bir necha oy ichida keksalarning aqliy qobiliyatlarini kuchaytirgan. Bu borada o`tkazilgan tadqiqot natijalari Nature Neuroscience jurnalida e`lon qilindi.
Tadqiqotda ishtirok etgan 50—69 yoshdagi 37 kishi ikki guruhga bo`lindi. Birinchi guruhdagilarga uch oy mobaynida tez-tez va ko`p kakao ichish taklif etildi. Kuniga 900 milligramm flavonol iste`mol qilgan mazkur guruhdan farqli o`laroq, ikkinchi guruhdagilar ulardan 90 barobar kam kakao ichdi. Belgilangan muddatdan so`ng, xohlovchilar test qilindi: kakao ko`p ichgan keksalar berilgan topshiriqlarni tezroq bajardi.
Olimlarning taxmin qilishicha, flavonollar miyaning xotira pasayishi bilan bog`liq qismida qon aylanishini yaxshilaydi. Maqola mualliflaridan biri Skott Smoll so`zlariga ko`ra, tadqiqot avvalida ishtirokchilar xotirasi 60 yoshga mos bo`lgan. Uch oy o`tgach esa, ularning xotirasi 30—40 yoshlilarning xotirasi bilan tenglashib qolgan. Biroq mazkur xulosalar katta ko`lamli tadqiqot yordamida tekshirib ko`rilishi zarur.
Shunga qaramay, olimlar mushtariylarga kakao va shokolad zaxirasini tayyorlashga shoshilmaslikni maslahat bergan. Negaki, ularning ta`kidlashicha, tadqiqotda tarkibida oddiy kakaoga nisbatan ko`proq flavonol saqlanib qolgan maxsus ichimlikdan foydalanilgan.
daryo.uz





