1

​Xotini va qizini pichoqlagan 70 yoshli erkakka jazo tayinlandi

Jinoyat 18.12.2018, 10:43
​Xotini va qizini pichoqlagan 70 yoshli erkakka jazo tayinlandi

... 2018 yilning 3 avgust kuni taxminan soat 12.30lar atrofida Murod Salimov (maqoladagi ism – shariflar o`zgartirildi) xotini bilan aytishib qoladi. Ota – onasining janjalidan bezib qolgan Noila Salimova ularni tinchlantirishga harakat qiladi. Biroq uning bu ishi ko`zi qonga to`lgan otaga yoqmaydi. Ota bo`lmish qo`liga ilingan oshxona pichog`i bilan qizining qorin qismiga jarohat etkazadi.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko`ra, N. Salimovaning badanidagi jarohatlar hayot uchun xavfli sanalgan og`ir tan jarohatlari turkumiga kiradi.

Kutilmaganda yuz bergan hodisa, tabiiyki, K. Salimovani shoshirib qo`yadi. «Nima qilib qo`ydingiz? Qizimni o`ldirdingiz-ku» deya qattiq baqirgan ayol chap ko`krak qafasiga etkazilgan zarbadan hushini yo`qotadi. Chunki oila boshlig`i dod – voy qilayotgan rafiqasini ham yig`ma pichoq yordamida “tinchitmoqchi” edi.

«Qo`rqitib qo`ymoqchi edim»

O`sha kuni buvisi va buvasining janjallashayotganidan qo`rqib ketgan Komila qo`shnisi Farida Komilovaning uyiga chiqadi. «Buvim bilan buvam urishib qolishdi, iltimos, biznikiga chiqing» deya qo`shni ayolni uyiga boshlab kelgan qizaloq ikki jon hayotini saqlab qoldi. Farida Komilova qo`shni xonadonning kirish eshigini ochgani hamon polda, qornini ushlab yotgan Noila Salimovani ko`radi va qo`rqib ketadi. Sal nariroqda qaddini ko`tarishga harakat qilayotgan Karima Salimova qo`shnisiga eri pichoqlaganini aytib, yordam so`raydi. Xayriyatki, o`z vaqtida ko`rsatilgan tez tibbiy yordam ona – bola hayotini saqlab qoldi.

Sudlanuvchi Murod Salimov sudda aybiga to`liq iqror bo`lib, xotini va qizini qasddan pichoqlamaganini aytdi.

Murod Salimov:

— O`sha kuni uyda 250 gramm aroq ichgandim. Alkogol ta`sirida ekanimni bilgan xotinim meni haqorat qila boshladi. Uning gapidan qattiq jahlim chiqdi va yotoqxonaga kirib, yig`ma pichoq olib chiqdim. Maqsadim, xotinimni qo`rqitib qo`yish edi. Ortga qaytib, unga baqirdim. U esa mehmonga kelgan qizimning oldida menga gap qaytardi: «Zo`r bo`lsangiz, ko`chadagilarga kuchingizni ko`rsating»,deb. Shu gap hammasidan oshib tushdi. Jahl ustida qo`limdagi pichoqni qorniga tiqib oldim. Qizim yugurib kelib, yoqamdan ushladi va «Nima qilib qo`ydingiz», deb baqirdi. Keyin nima bo`lganini bilmayman. Mastlikda qizimni ham pichoqlabman.

Ichkilik ta`sirida bo`lsa-da, M. Salimov nima qilib qo`yganini yaxshi bilgan: voqea joyidan yashirinish maqsadida pichoqni yotoqxona javoni ustida qoldirib, ukasinikiga ravona bo`lgan.

Sudda ko`rsatma bergan Karima Salimova turmush o`rtog`iga nisbatan da`vosi yo`qligini aytib, unga engillik berilishini so`radi. Jabrlanuvchining ko`rsatmasida keltirilishicha, o`sha kuni eri ichkilik ta`sirida bo`lgan. Uning fikriga ko`ra, «Onamni haqorat qilmang, u bunday ayol emas» deya janjalga aralashgan qizi N. Salimovani ham atay pichoqlamagan.

Noila Salimova sudda onasining gapini tasdiqladi. O`sha kuni ota – onasinikiga mehmonga kelgani, otasi ichkilik ichgani, janjal mahali hushi o`zida bo`lmaganini so`zlab berdi.

Sud hujjatidan: Murod Salimov 1948 yili Toshkent shahrida tug`ilgan. Ma`lumoti o`rta. Oilali, besh farzandi bor. Nafaqada, muqaddam sudlanmagan.

Sud sudlanuvchi M. Salimovga jazo turi va miqdorini tayinlashda mast holda jinoyat sodir qilganligini JK ning 56-moddasida nazarda tutilgan jazoni og`irlashtiruvchi holatlar, deb topib; aybiga to`liq iqrorligini, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini, yoshini, nafaqadaligini, muqaddam sudlanmaganini, jabrlanuvchilar bilan yarashganini, jabrlanuvchilarning sudlanuvchiga moddiy va ma`naviy da`vosi yo`qligini JKning 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni engillashtiruvchi holatlar sifatida e`tirof etdi.

Sud zalidan ozod qilindimi?!

Murod Salimov JKning 109-moddasi, 2-qismi va 104–moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil–kesil 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tuman sudi sudyasi

G`afur Amonov bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1