O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari oliy harbiy ta`lim muassasalari kursantlari (tinglovchilari) hamda “Temurbeklar maktabi” o`quvchilari o`rtasida sportning bir nechta yo`nalishi bo`yicha musobaqalar o`tkazildi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasida Mudofaa vazirligi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti, O`zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurti, Axborot-texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti, Bojxona instituti, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, IIV Yong`in xavfsizligi instituti kursantlari mini-futbol, arqon tortish, shaxmat, suzish, harbiy estafeta hamda 3 kilometr masofaga yugurish bo`yicha o`zaro bellashdi.
Toshkent shahri, Samarqand, Xorazm va Farg`ona viloyatidan kelgan “Temurbeklar maktabi” o`quvchilari mini-futbol, shaxmat, harbiy estafeta hamda 1 kilometr masofaga yugurishda o`z mahoratini namoyish etdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, ikki kun davom etgan musobaqa bo`lajak Vatan himoyachilarining jismoniy va aqliy salohiyatini yana bir bor sinovdan o`tkazish imkoniyatini berdi.
Musobaqa yakunida shaxmat sport turi bo`yicha Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti J.Eshmo`minov g`oliblikni qo`lga kiritdi. 3 kilometrga yugurishda g`oliblik Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti J. Bulakovga nasib etdi.
Arqon tortishda Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti jamoasi, futbolda esa Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti vakillari birinchilikni qo`ldan bermadi. Harbiylashgan estafetada Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi oliy o`rinni egalladi. Umumjamoa hisobida birinchi o`rinni Qurolli Kuchlar akademiyasi, ikkinchi o`rinni Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti egalladi. Harbiy bilim yurtlarining kuchli uchligidan IIV Yong`in xavfsizligi instituti joy oldi.
“Temurbeklar maktabi” o`quvchilari o`rtasidagi musobaqalarda umumjamoa hisobida Urganch “Temurbeklar maktabi” jamoasi birinchi o`rinni egalladi. Farg`ona “Temurbeklar maktabi” ikkinchi pog`onani band etgan bo`lsa, uchinchi o`rin poytaxtimizdagi Milliy gvardiyaga qarashli maktab o`quvchilariga nasib etdi.