Birlashgan Arab Amirliklaridagi «Al Ittihod» zamonaviy san`at galereyasi sohiblari tirannozavr skeletlarini sotuvga qo`ydi. Skeletlar narxi 14 million dollar, deya xabar bermoqda TASS.
Yangi bo`r davriga tegishli yirtqichlar skeleti 1988 yil AQSh hududida topilgan bo`lib, BAAga 12 yil avval ko`chirib o`tilgan. «Bu skelet dinozavrlar ichida haqiqiy olmos – Tinker (tironnazavr qizga qo`yilgan ism) dunyoda topilgan yagona yosh qizcha, qolgan skeletlarning hammasi voyaga etgan dinozavrlarga tegishlidir. Uning uzunligi 7,5 metrni tashkil etadi», — dedi galereya rahbari Holid Siddiq.
Paleontolog olimlar ikkinchi skelet Tinkerning onasi – Reginaga tegishli ekanligini aniqladi. Unga yirtqichlar yonidan topilgan, taxmin qilinishicha o`ljaga aylangan o`txo`r gadrozavr skeleti ham qo`shib sotiladi.
Nashriyot jurnalistlari bilan bo`lgan suhbatda galereyaning ijrochi direktori Shaxdod Jahonboni 65 million yil birga bo`lgan ona-bolani bir-biridan ajratmoqchi emasligini, qolaversa, bu taklif muzeylar uchun foydaliroq ekanligni ta`kidladi.
Skeletlar umumiy narxi 14 million dollarni tashkil etadi, shulardan 10 millioni Tinker uchun, atigi 4 millioni Regina uchun so`ralmoqda. Holid Siddiq ikkinchi skelet yaxshi saqlanmagani, faqat 40 foizi haqiqiy suyaklardan iborat bo`lgani uchun arzonroq ekanligini qayd etdi.
Amirlik davlat muassasa va kompaniyalari potensial xaridor sifatida qaralmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarida dinozavrlar skeletiga talab katta. Shunday skeletlardan biri jahonga mashhur supermarket bo`lmish Dubai Mall’da, ikinchisi esa Abu Dabi Xalqaro aeroportida turadi.





