O`tgan yil mobaynida prokuratura organlari aralashuvi bilan kelib tushgan murojaatlarning 41 430tasi qanoatlantirilgan.
Bu haqda Bosh prokuror o`rinbosari Erkin Yo`ldoshev "Taraqqiyot strategiyasi" Markazida 2018 yilga mo`ljallangan Davlat dasturining Bosh prokuratura mas`ul hisoblangan bandlarini ijro etilishi natijalariga bag`ishlangan matbuot anjumanida gapirib o`tdi, deya xabar bermoqda "Xalq so`zi" muxbiri.
Uning aytishicha, hisobot davrida 264 260 murojaat kelib tushgan, shulardan 41 430tasi qanoatlantirilgan. Prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari bo`yicha 2009ta, fuqarolik ishlari bo`yicha 1364ta, iqtisodiy ishlar bo`yicha 920ta, ma`muriy ishlar bo`yicha 314ta holatda sud protestlari kiritilib, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko`rilgan.
Fuqarolarning manfaatlarini ko`zlab shu sudlarga 14 487 da`vo arizalari kiritilgan. Turli boshqaruv organlarining fuqarolar va davlat va jamoat tashkilotlariga zid ravishda chiqarilgan 21 212 noqonuniy hujjatlariga protestlar kiritilib, 16 090 holatda qonunbuzilishlar taqdimnomalar kiritish yo`li bilan bartaraf qilindi. Jami 90 143 fuqarolarning buzilgan huquqlari bevosita prokuraturaning aralashuvi yordamida tiklab berildi.
Tekshirish, tergov va boshqa prokuror tadbirlari natijasida 1 trln 832 mlrd so`m miqdoridagi mablag`lar undirib berilgan.
Bosh prokuror o`rinbosariga ko`ra, 39 991 shaxs intizomiy, ma`muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan.






