Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri Yangi yil bayrami munosabati bilan Toshkent shahrida o`z konsert dasturlarini 3 yanvarga qadar taqdim etadi.
Bu yilgi bayram tantanalari avvalgilardan tubdan farq qilmoqda. Respublikaning barcha hududlarini bayram shukuhi qamrab olgan. Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy orkestrlarning chiqishlari esa barchaga ko`tarinki kayfiyat ulashmoqda.
Xususan, kuni kecha harbiy san`atkorlar soat 15:00 da Toshkent metropolitenining «Do`stlik» bekatidan boshlab, o`zlarining kuy-qo`shiqlari bilan shahar aholisi va mehmonlariga a`lo kayfiyat ulasha boshladi.
Shundan so`ng shahar bo`ylab, «syurpriz»lar «Oybek» metrosidan «Paxtakor»gacha, Xalqlar do`stligi saroyidan Ming o`rikkacha davom etdi. Mazkur ijodiy sayohat aholi uchun qulay paytda uyushtirilgani ayni muddao bo`lmoqda.
Ta`kidlash kerakki, badiiy dastur davomida kuy-qo`shiqlarni mohirlik bilan ijro etgan san`atkorlarning qorbobo kiyimidagi chiqishlari davralarga o`zgacha fayz kirityapti.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi fuqarolarimizni Yangi yil bayrami bilan tabriklab, barchaga kelayotgan yil omadli bo`lishini tilaydi.






