AsosiyJamiyat

Buxoroda "Eng mahoratli pazandalar" ko`rik-tanlovi bo`lib o`tdi

'Buxoroda "Eng mahoratli pazandalar" ko`rik-tanlovi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Buxoro shahrida viloyat hokimligi tomonidan O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o`tkazilgan «Eng mahoratli pazandalar» ko`rik-tanlovi tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tadbirda tuman va shaharlarning umumiy ovqatlanish tizimidagi xususiy korxonalar, oziq-ovqat va pazandachilik yo`nalishida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o`quv yurtlari, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari, xotin-qizlarni kasbga o`rgatish o`quv markazlarining 34 nafar oshpazi tomonidan bayram dasturxoni uchun tayyorlangan mahsulot—taomlari sifati, ta`mi, tayyorlash texnologiyasining o`ziga xosligi baholandi.

Hakamlar hay`ati qaroriga ko`ra, tanlovning «Eng mahoratli oshpaz» yo`nalishida uch xil navdagi guruchdan «Archasimon osh» tayyorlagan Vobkent tumanidagi «Jahongir Boburmirzo» xususiy korxonasi bosh oshpazi Bobur Turdiev va gaz pechida yaxlit holda qo`y tanasidan taom tayyorlash mahoratini namoyish etgan Olot tumanidagi «Bozorbobo» xususiy korxonasi oshpazi Uchqun Jumaev birinchi o`ringa munosib topildi.

Buxoro o`zining turli milliy shirinlik va qandolatlari bilan ham mashhurdir. Savdo yarmarkasi ular bilan tanishish uchun keng imkoniyat bo`ldi. Albatta, tadbirda o`z kasbining ustalari ham e`tirof etildi. Tanlovning «Eng mahoratli milliy shirinliklar ishlab chiqaruvchi» yo`nalishida Buxoro shahridagi «Janur i KO» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamshid Xodjaev va «Amirshoh Fayz Baraka» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Kinjaev g`olib chiqdi.

G`olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.

Viloyat hokimi O`.Barnoev savdo yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi.

    Boshqa yangiliklar