Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtida Vatanparvarlik oyligi doirasida Quvnoqlar va zukkolar musobaqasi bo`lib o`tdi.Bu xaqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Unda O`zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasining “O`zbegim”, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetining “Status”, Jizzax oliy harbiy aviasiya bilim yurtining “Golden weens” hamda mezbon bilim yurti kursantlaridan tarkib topgan “NBK” jamoalari kundalik harbiy hayotda uchrab turadigan kulgili holatlarni sahnada namoyon etishdi.

“Hazil-mutoyiba bizga xizmat qiyinchiliklarini engishga yordam beradi”, “Armiyaga chaqiruv” (biror film yoki animasion filmga ovoz berish orqali mavzuga bog`lash) hamda “Harbiy hayot haqida ertak” shartlari bo`yicha kursantlarning badiiy-havaskorlik layoqati, aktyorlik, dublyajda ovoz berish, plastik harakatlar mahorati va belgilangan vaqt me`yorlariga qay darajada amal qilgani hakamlar hay`ati tomonidan baholab borildi.
Jamoalarning chiqishlari murosasiz tus olgani ularning ushbu hazil-mutoyiba ko`rigiga puxta hozirlik ko`rganidan dalolat berdi. Hakamlar hay`atining yakuniy natijalariga ko`ra, “Status” jamoasi 3-o`ringa munosib ko`rilgan bo`lsa, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari to`plagan baholar 1-o`rin uchun kamlik qildi. Natija – 2-o`rin! Tinimsiz mashq, mahorat va muxlislar olqishi mezbon jamoa kursantlariga 1-o`rinni naqd qildi.
G`olib, sovrindor va faol ishtirokchilarga Mudofaa vazirligi Ma`naviyat va ma`rifat va markazi tomonidan diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.







