1

Samarqandda yana bir ayol tahqirlandi

Jamiyat 04.01.2019, 20:23
Samarqandda yana bir ayol tahqirlandi

Yangi yil arafasida ayol kishini tahqirlash bilan bog`liq videolavha ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo`lgan edi. Unda Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi «Qum ota buva» fermer xo`jaligi rahbarining ukasi ekani aytilayogan norg`ul yigit bir ayolning qo`llarini orqasiga qayirib, erga yuztuban yotqizgan holda qiynayotgani aks etadi, deya xabar qilmoqda Xabar.uz.

Ma`lum bo`lishicha, ayol — uch farzandning onasi, o`ttiz besh yoshli F.U. bo`lib, voqelik «Qum ota buva» fermer xo`jaligi rahbari unga ish haqini chiqarib olishi uchun og`zaki ravishda bergan erga ekkan moshini terayotgan paytda yuz bergan. Avvalroq ayol yil bo`yi qilgan mehnati uchun pulini ololmayotgani sabab Oqdaryo tuman prokuraturasiga fermer ustida shikoyat natijasida haqining yarimini olishga muvaffaq bo`lgan, qolganini xo`jalikning bo`sh er maydoniga mosh ekib olish evaziga qoplash taklifiga rozi bo`lgani aytiladi. Ayolning prokuraturaga murojaat qilgani fermerning ukalariga yoqmaydi, natijada uni mosh ekilgan dalaning o`zida urib, erga yuztuban yotqizib, tahqirlashadi.

Bu jarayonni qo`l telefonida o`zlari tasvirga olishadi...

Ayni holat ichki ishlar xodimlari tomonidan o`rganilganda vaziyat keskin o`zgaradi: ayol va uning turmush o`rtog`i «mosh o`g`risi» tariqasida jarima jazosiga tortiladi. Ayolni qiynagan fermerning ukalariga esa «engil tan jarohati etkazish» ayblovi bilan eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima solinadi, xolos.

Ushbu voqelik yuzasidan hozircha Bosh prokuratura rasmiy bayonot bergani yo`q. Biroq O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining «Feysbuk» ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi orqali bildirilishicha, allaqfchon amaliy harakatlar boshlab yuborilgan ko`rinadi:

«Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi «Qum ota buva» fermer xo`jaligi hududida bo`lib o`tgan voqea yuzasidan fuqaro F.U.ning murojaati asosida 25.12.2018 yilda jinoyat ishi qo`zg`atilganligi va avval chiqarilgan ma`muriy sudning qarorini bekor qilish to`g`risida prokuratura protesti kiritilganligini ma`lum qilamiz.

Mazkur jinoyat ishining sudda ko`rilishida Samarqand viloyati xotin-qizlar qo`mitasining vakillari jamoatchi himoyachi sifatida ishtirok etishi belgilandi...»
.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1