AsosiyJamiyat

Notariuslikka tayinlash bo`yicha tanlov o`tkazish tartibi belgilandi

'Notariuslikka tayinlash bo`yicha tanlov o`tkazish tartibi belgilandi'ning rasmi

Adliya vaziri buyrug`i bilan Notarius lavozimiga tayinlash bo`yicha tanlov o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, tanlov notarius lavozimi bo`sh bo`lganda yoki qo`shimcha notarius lavozimi ta`sis etilganda o`tkaziladi.

Tanlov jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida translyasiya qilinadi.

Notarius lavozimi bo`shaganligi to`g`risidagi xabarnoma olingan yoki qo`shimcha notarius lavozimi ta`sis etilgan kundan boshlab etti ish kuni ichida “Inson va qonun” gazetasida hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida tanlov o`tkazish to`g`risida e`lon beriladi.

Tanlovda yigirma besh yoshdan kichik bo`lmagan, oliy yuridik ma`lumotga, yuridik mutaxassislik bo`yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo`lgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka o`tagan (ilgarigi ikki yil bo`lgan), malaka imtihonini topshirgan O`zbekiston fuqarosi ishtirok etishi mumkin.

Bunda, sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog`liq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o`tish talab qilinmaydi.

Talabgor Adliya vazirligiga hujjatlarni elektron shaklda taqdim etadi. Ilgari hujjatlar bevosita yoki tegishli adliya boshqarmasi orqali taqdim etilgan.

Hujjatlar talablarga muvofiq bo`lmaganda yoki hujjatlarni taqdim etishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda talabgorga hujjatlar qaytarib yuboriladi.

Talabgor tanlov o`tkaziladigan kundan kamida besh kun oldin bu haqida xabardor qilinadi.

Tanlov suhbat tarzida davlat va jamiyat qurilishi hamda ijtimoiy-siyosiy sohadagi islohotlar, fuqarolik huquqi hamda notariat sohalari bo`yicha o`tkaziladi. Ilgari yozma-og`zaki ravishda o`tkazilgan.

Savollarga tayyorlanish uchun talabgorlarga 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi hamda tanlovga uyali telefon, boshqa aloqa va telekommunikasiya vositalari, kitob va shpargalkalar olib kirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Tanlov natijasiga ko`ra eng ko`p ball olgan talabgor tanlovda g`olib deb topiladi.

Ballar teng bo`lib qolganda, tanlov g`olibi eng ko`p bir xil ball olgan talabgorlar orasidan komissiya a`zolari tomonidan ovoz berish yo`li bilan aniqlanadi.

Tanlov g`olibi bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni notarius lavozimiga tayinlash tegishli hududiy adliya organining buyrug`i bilan amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar