Xabaringiz bor, joriy yil 8 yanvar kuni “Bunyodkor” futbol klubi rahbariyatida o`zgarish amalga oshirilib, Ulug`bek Mirzaev klub bosh direktori etib tayinlangan edi.
Klub matbuot xizmatining xabar qilishicha, bugun futbolchilar va murabbiylar bilan klub rahbariyati yig`ilish o`tkazgan. Yig`ilishda bir qator masalalar muhokama etildi. Yangi mavsumda klub oldiga qo`yilgan vazifalar, bajarilishi lozim bo`lgan ishlar, rejalar bilan tanishtirildi.
Shundan so`ng kun tartibidagi asosiy masala – bosh murabbiy masalasi ko`rib chiqildi. Klub bosh direktori U.Mirzaev vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarib turgan Shuhrat Maqsudovga minnatdorchilik bildirdi hamda klubning bosh murabbiyi etib Vadim Abramov tayinlanganini ma`lum qildi.

Vadim Karlenovichga murabbiylar shtabida odatdagidek uning doimiy hamrohi Marat Miftaxutdinov yordam beradi. Bosh murabbiy bilan birgalikda murabbiylar shtabi masalasi ham tez orada ko`rib chiqiladi.
Bundan ko`rinib turibdiki, “Bunyodkor” klubining yangi rahbariyati vaziyatni o`nglash va jamoaning avvalgi shuhratini tiklash borasida amaliy harakatlarni boshlab yuborgan.






