Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining birinchi yalpi majlisi o`z ishini boshladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Unda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj, Qirg`iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog`iston tashqi ishlar vaziri Beybut Atamqulov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o`rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etmoqda.

O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov majlis ishtirokchilarini samimiy qutlab, Afg`oniston ishtirokida birinchi marta yangi formatda o`tkazilayotgan mazkur muloqot Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindiston o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar rivojiga kuchli turtki berishini ta`kidladi.
Avval xabar berganimizdek, tashqi ishlar vazirlari o`zaro savdo hajmini oshirishga ko`maklashish, transport va logistikani rivojlantirish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmasevtika, qishloq xo`jaligining muhim tarmoqlariga investisiyalar, innovasiya va texnologiyalar jalb qilish bo`yicha hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari, shuningdek, madaniyat, ilm-fan, ta`lim va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.
Vazirlarning birinchi uchrashuvi yakunlari bo`yicha Qo`shma bayonot qabul qilinishi ko`zda tutilgan.






