O`zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Davlat raqobat qo`mitasi hamda “Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUKning barcha huquqlari va majburiyatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o`tkazildi.
Agentlik o`z vakolatlarini mustaqil ravishda olib boradi hamda o`z faoliyatida bevosita Bosh vazir va Prezidentga bo`ysunadi va hisobot beradi.
Agentlik direktori, uning birinchi o`rinbosari va o`rinbosarlari Bosh vazir taqdimnomasiga asosan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat ko`rsatish sharoitlari bo`yicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi o`rinbosari va vazir o`rinbosariga tenglashtiriladi.
2019 yil 1 apreldan xo`jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi tarkibi va ijroiya organi a`zolarini normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlash bekor qilinadi.
Xo`jalik jamiyatlari kuzatuv kengashi tarkibi davlat organlari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yig`ilishi qarori bilan tasdiqlanadi.
Eslatib o`tamiz, mazkur Agentlikka Jo`raev Nodir Savriddinovich direktor etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.






