1

Buxoro – Xiva yo`nalishida birinchi yo`lovchi poezdi harakati boshlandi

Jamiyat 15.01.2019, 14:20
Buxoro – Xiva yo`nalishida birinchi yo`lovchi poezdi harakati boshlandi

Bugun ko`hna Xiva shahrini mamlakatimizning boshqa tarixiy hududlari bilan bog`lash, sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan 12-sonli Buxoro-Xiva tez yurar yo`lovchi poezdi qatnovi yo`lga qo`yildi.

Buxoro temir yo`l vokzalidan harakatini boshlagan mazkur zamonaviy poezd 13 ta vagondan iborat bo`lib, “ekonom”, “biznes” va “VIP” turlariga bo`lingan. Shinam, yorug` va barcha qulayliklarga ega bo`lgan ushbu vagonlar “Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, yo`lovchilarga yuqori darajada servis xizmat ko`rsatish maqsadida restoran-vagon ham joriy etilgan. Unda yurtimiz aholisi va chet ellik mehmonlarga yo`l davomida issiq yarim tayyor va turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash orqali xizmat ko`rsatiladi.

Belgilangan harakat jadvaliga ko`ra mazkur poezd bugundan boshlab, Buxoro – Xiva yo`nalishida oyning toq sanalarida, soat 12:05 da Buxoro vokzalidan harakatlanadi va shu kuni soat 17 dan 50 daqiqa o`tganda Xiva vokzaliga etib boradi.

Xiva – Buxoro yo`nalishida esa oyning juft sanalarida, soat 08:45 da Xiva vokzalidan harakatlanib, shu kuni soat 14 dan 48 daqiqa o`tganda Buxoro vokzaliga etib boradi.

Ushbu yangi yo`lovchi poezdining qatnovi yo`lga qo`yilishi bilan qadimiy shaharlarimiz Samarqand, Buxoro va Xiva o`zaro bir yo`lda birlashdi, ya`ni bitta kompozisiyani tashkil etdi. Bu esa yurtimiz aholisi hamda chet ellik mehmonlar uchun yanada ko`plab qulayliklar yaratadi.

Snimok.PNG

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, 2018 yil “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan umumiy qiymati 35,9 million AQSh dollari bo`lgan ulkan loyiha qisqa muddatda amalga oshirildi. Ushbu loyiha doirasida, Urganch vokzalidan Xiva shahrigacha umumiy uzunligi 33,78 km (asosiy yo`l 29,6 km) bo`lgan yangi temir yo`l bunyod etildi. Bundan tashqari Xiva shahrida bir vaqtning o`zida 200 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatish imkoniga ega bo`lgan, zamonaviy vokzal ham qurib bitkazildi.

Bugungi kunda Samarqand, Qarshi, Buxoro hamda Shahrisabz shaharlariga muntazam qatnovi yo`lga qo`yilgan “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezdlari, kelgusida Xiva shahriga ham harakatlanishi ko`zda tutilgan. Bu esa yo`lovchilarning, eng asosiysi qadimiy shaharlarimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga sifatli transport xizmatini ko`rsatish, ularning yo`l davomidagi vaqtini yanada qisqartirib, yurtimizni ko`proq tomosha qilishlariga juda katta imkoniyat yaratadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1