Bugun Osiyo Kubogi doirasida bo`lib o`tishi kutilayotgan O`zbekiston Yaponiya o`yini oldidan Ektor Kuper va Javohir Sidiqov ishtirokidagi matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deb xabar qilmoqda O`FA matbuot xizmati.
Quyida ushbu matbuot anjumanidan ba`zi muhim lavhalarni keltiramiz:
Ektor Kuper: bugun faqat uch ochko uchun maydonga tushamiz. Maqsadimiz guruhda birinchi o`rinni qo`lga kiritish. Yaponiyaga qarshi o`zimizni eng yaxshi o`yinimizni namoyish qilmoqchimiz.
Javohir Sidiqov: Yaponiya Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Bu o`yinga jiddiy tayyorgarlik ko`ryapmiz. To`g`ri, minimum vazifa bajarildi - pley-off yo`llanmasi qo`lga kiritildi. Endi bugungi o`yinda ham yaxshi harakat qilib, jamoamiz nimalarga qodir ekanini sinovdan o`tkazib olmoqchimiz.
Ektor Kuper: Albatta, bugun g`alaba uchun maydonga tushamiz. Ammo ba`zi futbolchilarga dam berish rejamiz ham bor. Chunki biz pley-off haqida ham o`ylashimiz kerak. Misr terma jamoasini boshqarganimda, Afrika Kubogida jamoa yaxshi o`ynagan paytda tarkibdagi futbolchilarga dam bermagandim. Keyin o`sha futbolchilarda charchoq alomatlari sezildi. O`sha tajribamdan kelib chiqib, ertaga tarkibda ba`zi o`zgarishlar bo`lishi mumkin. Qaysi futbolchilarga dam berish borasida bugungi mashg`ulotdan keyin bir to`xtamga kelamiz.
Ektor Kuper: Bir narsani tushunishingizni istardim. Pley-offda kuchsiz raqib bo`lmaydi. Har qanday raqibga qarshi o`ynashga tayyor bo`lish kerak. Biz bosh sovrinni qo`lga kiritish maqsadida ushbu turnirga kelganmiz. Shunday ekan, har qanday raqib bilan o`ynashga tayyormiz.
Ektor Kuper: Yaponiyani nimani evaziga yutishimiz mumkin? Bu haqida o`zim biladigan narsalarni hozirgi matbuot anjumanida aytib o`tirmayman. Yaponiya kuchli jamoa. Ammo har qanday kuchli jamoani ham mag`lubiyatga uchratish mumkin. Biz shunga harakat qilamiz.
Ektor Kuper: Bugungi o`yinda muhimi g`alaba qozonish. Pley-offni qaysi shaharda o`tkazishning ahamiyati yo`q. Bu ikkinchi darajali masala. BAAning barcha shaharlari chiroyli, barcha mehmonxonalarda sharoit a`lo darajda. Shu sababli bu muhim emas. Muhimi g`alaba qozonish.






