Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida 17 yanvar kuni O`zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Tadbir O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston sanoat konfederasiyasi tomonidan mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi ko`magida tashkil etildi.
Majlisda O`zbekiston tomonidan Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisi Suhrob Xolmurodov, Hindiston tomonidan Hindiston sanoat konfederasiyasi prezidenti va “Bharti Enterprises” kompaniyalar guruhi raisi o`rinbosari Rajesh Bxarti Mittal, shuningdek, ikki mamlakatning sog`liqni saqlash, farmasevtika, qishloq xo`jaligi, axborot texnologiyalari, elektroenergetika, qurilish, kimyo va to`qimachilik sanoati, turizm va mehmonxona ishi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi etakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakat kompaniyalari o`rtasida sanoat kooperasiyasini yanada rivojlantirish, hind kompaniyalarini O`zbekistonga jalb qilish, hamkorlikda biznes-forum va ko`rgazmalar tashkil qilishning istiqbolli yo`nalishlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Ishbilarmonlar kengashining keyingi majlisini Toshkent shahrida o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Shu kuni Gandinagar shahrida “Jo`shqin Gujarat” sammiti doirasida xalqaro savdo ko`rgazmasi ochildi. Unda O`zbekiston, Kanada, Fransiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Afrika Respublikasi, Avstraliya davlatlari ctendlari namoyish etilmoqda.