O`zbekiston olimpiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich bilan matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`FA matbuot xizmati.
Lyubinko Drulovich dastlabki taasurotlarini bildirib o`tdi:
"Avvalambor, barchaga salom. Bir oy avval O`zbekistonga tashrif buyurib, O`FAning loyihasi bilan tanishgandim. Bu loyiha menda yaxshi tassurot qoldirgani sababli O`zbekiston olimpiya terma jamoasini boshqarishga rozilik berdim. Umid qilib qolamanki, biz oldimizga qo`ygan vazifamizni uddalaymiz.
O`zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatidan xabarim bor. Sizlarda kuchli futbolchilar ko`p. Ana shu futbolchilar yordamida Olimpiada musobaqasiga yo`llanmani qo`lga kiritishimizga ishonaman. Biz kuchli jamoani shakllantirishga harakat qilamiz.
Olimpiada yo`llanma beradigan Osiyo chempionatiga saralash bosqichiga ikki oycha muddat bor. Saralash bosqichi Toshkentda o`tkazilishi rejalashtirilgan. Birinchi navbatda bor e`tiborimizni mana shu saralash bosqichiga qaratamiz. Bu musobaqada muvaffaqiyatli qatnashib, Osiyo chempionatiga yo`llanmani qo`lga kiritishimiz kerak. Keyin Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni boshlaymiz
Olimpiya terma jamoasining murabbiylar shtabi haqida. Menga ikki nafar serbiyalik mutaxassis va o`zbekistonlik Ravshan Haydarov yordam berishadi. Serbiyalik yordamchilarim rus tilini yaxshi bilishadi. Bu esa futbolchilar bilan muloqot qilishda qulaylik yuzaga keltiradi. Ravshan Haydarov bilan esa avvalgi safar O`zbekistonga kelganimda uchrashganman. U kuchli mutaxassis va mahalliy futbolchilarni yaxshi biladi. O`ylaymanki, birgalikda o`z maqsadimizga etamiz.
Saralashga ikki oycha muddat bor. Mening fikrimcha, bu saralashga tayyorgarlik ko`rish uchun etarli muddat. Biz tarkibni aniqlab olamiz, keyin ular bilan taktik mashg`ulotlar o`tkazamiz. Hozirda Olimpiya terma jamoasi Turkiyada mashg`ulotlar olib bormoqda. Futbolchilarning jismoniy holati yaxshi. Fevral oyida ikki haftalik yig`in o`tkazamiz. Bir qator nazorat uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.
Bizda Osiyo chempionati saralashidagi raqiblarimiz haqida etarlicha ma`lumot bor. Ularning so`nggi o`yinlarini yana bir bor tahlil qilib chiqamiz. Keyin shundan kelib chiqib ularga qarshi o`yinlarga tayyorgarlik ko`ramiz. O`ylashimcha, bu bo`yicha bizda muammo bo`lmaydi", - deydi Drulovich.






