Ertaga 28 yanvar kuni jahon futboli yulduzi Roberto Karlos poytaxtimizga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda O`FA matbuot xizmati.
Braziliyalik jahon chempioni joylashgan samolyot soat 09:30da Islom Karimov nomidagi "Toshkent Xalqaro aeroporti"ga qo`nadi. Shu kuni Braziliya terma jamoasi tarkibida jahon chempionligini qo`lga kiritgan futbol afsonasi turli tadbirlarda ishtirok etadi.
Jumladan, soat 12:00da yosh futbolchilar uchun O`FA maydonida master-klass tashkil etiladi. Keyin shu erning o`zida faxriy futbolchilar ishtirokida o`rtoqlik o`yini bo`lib o`tadi. Uchrashuv 10 daqiqadan 2ta taym davom etadi. Roberto Karlos har ikkala jamoa tarkibida bitta taymdan maydonda to`p suradi.
Soat 15:00da Roberto Karlos A.P.Xlebushkina nomidagi Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, u erdagi tarbiyalanuvchilar bilan uchrashadi va ularga sovg`alar taqdim qiladi. Soat 16:00da esa Milliy olimpiya qo`mitasida Roberto Karlos bilan matbuot anjumani tashkil etiladi.






