Sirg`ali tumani Quruvchilar mavzesida yashovchi Ra`no opa 2014 yil aprel oyining o`rtalarida qo`shnisining o`g`li Shuhrat Otajonovga o`g`li Elyor maktabdaligini, u kelsa, uyining kalitini unga berib qo`yishini tayinlab o`zi ishga ketadi.
Qo`shnisining kaliti qo`liga tushgan Shuhratning fikri birzumda o`zgarib, ikki nafar tanishiga qo`ng`iroq qiladi va "yog`li" ish chiqib qolganini aytadi. U "do`st"lariga qo`lidagi kalitni ko`rsatib, xonadonga o`g`irlikka kirishni rejalashtiradi.
Uchovlon Ra`no opaning uyiga kirib, sellofan paket ichidagi 11 ming 205 AQSh dollarini olib chiqib ketishadi. Shuhrat "do`st"lariga 2 ming AQSh dollaridan berib, qolganini o`zida olib qoladi. O`g`irlangan pullarga eng qimmat uyali telefon, kiyim-kechak sotib olishadi, taksilar, restoranlar ular xizmatida bo`ladi.
Bir haftadan so`ng, o`g`rilarning cho`ntagidagi dollarlar kamaya boshlagach, qo`shnisining kaliti hamon qo`lida ekanligidan foydalanib, yana o`g`irlikka kirishadi.
Eng qizig`i, xonadon egasi Ra`no opa o`g`li Elyordan qo`shnining o`g`li Shuhratdan uyning kalitini olgani yoki olmaganligini ham so`ramagan. O`g`li o`zining yonidagi kalit bilan uyiga kirib-chiqib yuravergan. Ona hatto o`g`lida uyning kaliti borligini ham bilmagan. Bundan foydalangan Shuhrat "do`st"lari bilan ikkinchi marta o`g`irlikka kiradi. Bu gal hech vaqo topolmagach, oshxonadagi pichoq bilan yotoqxonadagi bir necha shkaflarning qulfini buzadi va uyni qulflamay chiqib ketadi.
O`sha kuni Ra`no opa eshikka kalit solmoqchi bo`lganida, eshigi ochilib ketadi. Uyga kirganida esa ichkaridagi shkaflar buzilganini ko`radi. Xayoliga birdan qo`shnisi Shuhrat keladi. Uyning kaliti o`shanda qolgan, degan fikr yodiga tushadi.
Bu haqda u zudlik bilan tuman ichki ishlar bo`limiga xabar qiladi. Gumonlanuvchi sifatida so`roq qilingan Shuhrat Otajonov o`z "do`st"lari bilan Ra`no opaning uyiga ikki marta o`g`irlikka tushganini va 11 ming 205 AQSh dollari o`g`irlab, uning anchagina qismini o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganini tan oldi.
Jinoiy guruh o`z qilmishlari uchun qonun oldida javob berdi.
Manba: “Inson va qonun” gazetasi