O`zbekiston futbol assosiasiyasi hamda Professional futbol ligasi mutasaddilarining Turkiyaga safari chog`ida, Turkiya futbol federasiyasi rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar o`tkazilgan edi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat futboli o`rtasida o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish va tajriba almashish bo`yicha ham bir qancha kelishuvlarga erishilgan, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati.
Ushbu kelishuv asosida turkiyalik Erjan Bulut O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi va O`zbekiston futbol assosiasiyasining Turkiyadagi vakili hamda MOQ prezidenti va O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonovning maslahatchisi sifatida ish olib boradigan bo`ldi.
Bulut ikki mamlakat sporti, xususan, futbol bo`yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, loyihalar va boshqa masalalarda vakil sifatida faoliyat yuritishi belgilab berilgan.
Shuningdek, Erjan Bulut Turkiya va O`zbekiston o`rtasida sport bo`yicha hamkorlik qilish, tajriba almashish, ikki mamlakat futboli o`rtasida yaqin aloqalarni yo`lga qo`yish, terma jamoalar, klublar o`rtasida o`rtoqlik o`yinlari tashkil qilish va boshqa shu kabi loyihalarni amalga oshirilishiga yaqindan ko`mak berishi ko`zda tutilgan.
Ma`lumot uchun: Erjan Bulut 1970 yil, 13 oktyabrda Anqara shahrida tavallud topgan. O`zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi (O`TIU) kengashi raisi, «Ziraat Bank» kengashi maslahatchisi, O`zbekiston va Turkiya Ziraat Finans Group koordinatori hisoblanadi.






