AsosiyDunyo

G`aroyib odamlar: Illinoyslik novcha

Robert Pershing Uodlou (1918 yil 22 fevral, Olton, Illinoys — 1940 yil 15 iyul, Manisti, Michigan) — Ginness rekordlar hisobiga ko`ra, dunyodagi eng novcha odam bo`lgan. Uning bo`yi naqadar uzunligini fotosuratlarda ko`rib turibsiz.

Uodlou qisqa umri davomida gipofiz o`simtasi (miya ostidagi o`sishga ta`sir ko`rsatuvchi ichki sekresiya bezi) va akromegaliya (akros — grekcha qo`l-oyoq, megas — katta) tufayli baland qaddi-bastga ega edi. Hayotdan ko`z yumganida uning bo`yi 272 sm, vazni 199 kg bo`lgan. Ya`ni, yaqinda vafot etgan ukrainalik Leonid Stadnikdan 15 sm (257 sm) va turkiyalik Sulton Kyosendan 21 sm (251 sm) baland (ular ham rekordlar kitobida qayd etilgan).
Darvoqe, akromegaliya — organizm yoki ayrim a`zolarning me`yordan ortiq darajada kattaligi, o`sishi bo`lib, yillar davomida rivojlanadi. Bu kasallikda bosh og`rig`i, horg`inlik, aqliy qobiliyatlarning zaiflashuvi, ko`rishning ishdan chiqishi uchraydi. Shuningdek, jinsiy zaiflik seziladi.

Robert Uodlouning ota-onasi o`rta bo`yli kishilar edi (otasi 180 sm bo`yli, 77 kg vaznli bo`lgan). Ikki ukasi va ikki singlisi ham oddiy qaddi-bastga ega edi.
Robertning bo`yi va vazni 4 yoshigacha me`yorida bo`lgan. Keyin juda tez o`sa boshladi va atrofdagilarning e`tiborini tortdi. 8 yoshida 1 m 88 sm, 9 yoshida zina bo`ylab otasini ko`tarib yuradigan qomat kasb etib, 10 yoshida esa 198 sm bo`y va 100 kg vaznni egalladi. 18 yoshida u yanada o`sib, 2 metr 54 santimetrga etdi, vazni 177 kg bo`ldi.
Robert 49 o`lchamli tufli kiyar, darvoqe bu paytda u ancha mashhur bo`lib, poyafzalni bepul tikib berishardi.

Bahaybat o`smir maktabda tahsil olib, 18 yoshida bitirdi. So`ng huquqni o`rganish uchun universitetga o`qishga kirdi. Xuddi o`sha yili u sirk bilan butun AQSh bo`ylab kezib chiqdi. 1938 yildan e`tiboran turli tomoshalarda ishtirok etdi. Uodlouning har bir chiqishi odamlarning yopirilib kelishiga sabab bo`lardi. Uni “mehribon bahodir” deyishardi.

Robert Uodlou 21 yoshga to`lgan kuni bo`yi 2,63 sm, vazni 223 kg.ga etdi. Bilagidan o`rta barmog`ining uchigacha 32,4 sm edi. Odamlar uni uchrashuvlarga chaqirishar, birgalikda suratga tushib, suhbatlashishga qiziqardilar. Illinoyslik devning shuhrati tobora oshib boraverdi.

Ammo vaqt o`tib, Uodlouning salomatligi pand bera boshladi: bo`yi tez o`sayotgani sababli oyog`idagi sezuvchanlik hissi cheklanib qoldi, shu bois hassaga ehtiyoj tug`ildi.
1940 yilning 27 iyun kuni Sent-Luisda bu devqomat odamning bo`yini oxirgi marta o`lchab ko`rishdi: 2,72 sm.

1940 yil 4 iyulda, mustaqillik kuni munosabati bilan Michigan shtatining Manisti shahrida chiqish qilayotgan Uodlouning oyog`ini o`zining hassasi shilib yubordi. Natijada infeksiya tushib, sepsisning avj olishiga sabab bo`ldi (sepsis – qonga kirgan zararli mikroblar tufayli butun organizmning zaharlanishidir).
Shifokorlar qon quyish va jarrohlik amaliyoti orqali mashhur amerikalikni qutqarib qolmoqchi bo`ldilar, biroq 15 iyul kuni dunyodagi eng novcha odam uyqusida jon taslim qildi.

Uodlouning dafn marosimida 40 ming amerikalik ishtirok etdi. Uning tobuti vazni yarim tonnani tashkil etib, 12 kishi ko`tardi.
Robert Uodlouning qabrini yaxshilab betonlashdi. Buni uning oila a`zolari iltimos qilishgandi. Ular qabrni kimlardir ochib, Robertning murdasini o`g`rilab ketishidan xavfsiragandilar.
Uodlou qabrtoshiga “At Rest” (Osoyishtalikda. Oromda) deb yozilgan, xolos. Unga o`rnatilgan yodgorlik qabristondagi boshqa yodgorliklarga nisbatan ikki barobar katta.

Anvar Namozov

    Boshqa yangiliklar