1

Ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremizm va aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib qilgan shaxsga sud hukmi o`qildi

Jinoyat 15.02.2019, 21:51
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremizm  va aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib qilgan shaxsga sud hukmi o`qildi

Farg`onada ijtimoiy tarmoqlarda ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan ma`lumot va materiallarni tarqatib kelgan, “virtual jamoat” tashkil qilgan shaxs sud hukmi bilan 10 yid muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Oltiariqlik Alisher Umarqulov 1997 yilda Muhammad Mamarizaev bilan tanishib undan diniy saboq oladi. Ammo bu tanishuv zamirida tinchlikka raxna solish, o`zgalar qalbi va ongini zaharlashga qaratilgan “ta`lim” ham bo`ron singari hayotini alg`ov-dalg`ov qilib yubordi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Oltiariq tumani sudining 2000 yil 25 oktyabrdagi hukmiga ko`ra, “hizbut-tahrir” diniy ekstremistik oqimiga a`zo bo`lib, tashkilot faoliyatida qatnashib yig`ilishlarida ishtirok etib kelganligi uchun 7 yil ozodlikdan mahrum qilinadi. Xalqimiz kechirimli. 2003 yilda amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilib, hayotini izga solish uchun unga imkoniyat berildi. Ammo mazkur insonparvarlik tamoyilining mohiyatini so`qir qalb egasi anglarmidi?! U yana eski “qilig`i”ni boshlaydi. 2012 yil sentyabr oyida M.Mamarizaev bilan topishib, uning uyida yig`ilib turadigan 3-4 nafar “xizbut”chilar bilan tanishadi. U erda jinoiy sherigining kuyovi A.Maxsudovni oqimga a`zolikka qabul qiladi. Keyinchalik R.Haydarov ham ularning biriga aylanadi.

“To`rtovlon” har oyda yig`ilib, Oltiariq tumani hududida “hizbiy xalqa” tashkil qilishib, internetda o`zgalarga tuzoq qo`yishni boshlaydilar. O`zi singari e`tiqodi zaif, zamiri puch g`oyalarning etagidan tutadigan kimsalarni izlab topishadi. Qarmog`iga ilinganlarni o`z tarafiga og`dirib, elektron diniy adabiyotlar bilan saboq bera boshlashadi. A.Umarqulov o`zining halqasiga A.Yakubov, A.Mamarizaev va B.Mamatovni, M.Mamarizaev – M.Rahimov, “Ahad”, A.Mo`minov, A.Azizboevni, I.Vohobov – A.Abdullajonov, A.Mirzarahmonovni, R.Haydarov – “Tursunali”ni, A.Mahsudov esa B.Boboev, M.Yulchiev, A.Qo`ziev, X.Karimov, A.Ergashev, M.Haydarov va D.To`tabaevni jalb qiladilar. Ular yig`ilishlarda internet tarmog`i orqali oqimning yangiliklari va g`oyalari bo`yicha o`zaro fikr almashgan. Virtual jamoaga birlashgan holda tashkilotning moliyaviy jamg`armasi hisoblangan “taborruot” pullarini to`plash hamda boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilib kelishgan.

Bu orada A.Umarqulov garchi turmush o`rtog`i, farzandlari bo`lsa-da, o`zi singari chirkin g`oyalari bilan tarmoqlarda kezayotgan N.Aripova bilan tanishib qolib, u bilan 2013 yilda shar`iy nikohdan o`tadi. Endilikda ular oqimga qiziqishi bo`lgan shaxslarni jamoat a`zosiga aylantirish, ularga “hizbut-tahrir” tashkiloti nashriyotiga tegishli kitoblardan saboq berib, ongini zaharlashga zo`r beradilar.

A.Umarqulov ularning orasida “mushrif” darajasida faoliyat yuritib, safdoshlarini kengaytirishga “astoydil” kirishib ketadi. O`zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitusiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da`vat qilib, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan ma`lumot va materiallarni tarqatib keladi. O`zining “jamoat”, “halqa” hamda internet tarmog`ida “virtual jamoat” diniy ekstremistik tashkilotlarini tuzib, ularga rahbarlik qiladi. Hattoki, 2013 yilning fevral oyida balandlikdan yiqilib tushib, oyog`ini sindirib olganida ham uyiga kelib turadigan A.Mamarizaev, B.Mamatov, A.Yakubovlarga diniy aqidaviy tushunchalardan ta`lim bergan.

2013 yil sentyabr oyida jamoat a`zolari Oltiariq tumanining Poloson qishlog`ida istiqomat qiluvchi M.Mamarizaevning xonadonida to`planib, o`z faoliyatini aniq bir maqsad sari amalga oshirish va bevosita oqimning yuqori turuvchi rahbarlari bilan aloqa o`rnatishga kelishib oladilar.

A.Maxsudov internet tarmog`i orqali Qirg`iziston Respublikasida faoliyat yuritayotgan gumashtalari bilan bog`lanib, biron-bir yuqori turuvchi shaxslardan ko`rsatma va yo`l-yo`riqlar berilsa, faoliyatini rivojlantirishga turtki bo`lishini aytib, rahnamolik qilishlarini so`raydi. Mazkur yilning oktyabr oyida A.Umarqulov Qirg`iziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga o`tib, u erda o`zini “Hoji” deb tanishtirgan diniy ekstremistik oqimining Qirg`iziston Respublikasidagi vakili bilan uchrashib, unga faoliyatlari haqida ma`lumot beradi. Halqani yanada kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar olib, ijtimoiy tarmoqda da`vatlarni kuchaytiradi.

“Ko`za kunda emas kunida sinadi” deganlaridek vaqti-soati kelib, jinoyatchilarning sirlari fosh bo`layotganda esa oila a`zolariga ishlash maqsadida Rossiya Federasiyasiga ketayotganligini aytib, sheriklari bilan Qirg`iziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga o`tib ketadi. Ijtimoiy tarmoq orqali bir-birlari bilan doimiy ravishda bog`lanib turishadi. Shunday holatda ham qilmishini anglamagan nobakor er endilikda turmush o`rtog`i Z.Umarqulovaga ta`sir o`tkazib, uni oqimga a`zo bo`lishiga da`vat qilib kelgan. Unga profil ochib berib, 2014 yilning avgust oyiga qadar muloqotda bo`lib turadi. Ammo tez vaqt ichida xotini qonun oldida javob berishiga to`g`ri kelib, sudlandi.

Ongini ham, qalbini ham zulmat chulg`ab olgan er turmush o`rtog`ining taqdiridan zarracha o`kinmaydi. Hech narsa bo`lmagandek, Qizilqiya shahridagi dehqon bozorida pishiriq sotish bilan shug`ullanuvchi F.Mirzaeva bilan tanishib, u bilan yashay boshlaydi.

Bir-biri bilan ko`risholmagan qochqindagi “birodarlar” virtual olamda bo`y ko`rsatishlari bilan faoliyatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yakunlandi. A.Umarqulov safdoshlarining siyraklashib qolganidan xavotirga tushib, tarmoqda o`ziga boshqa o`lja izlay boshlaydi. D.Nazarov, F.Usmonov va B.Usmonov yangi “hamrohlariga” aylanadi. Ularga oqimga tegishli bo`lgan mavzulardagi maqolalarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, o`zlariga o`xshash shaxslarni tanlab olish, “virtual jamoat” tashkil qilish vazifasi yuklanadi. D.Nazarov turmush o`rtog`ini hamda “Otabek”, “Ne`mat” ismli jiyanlari, ishchilari “Murod” va “Nuriddin” ismli shaxslarni oqimga da`vat etadi hamda ularga “ustoz”lik qiladi. Halqaga keyinchalik tojikistonlik “Abdulloh”, “Abdurashid”, qo`qonlik “Sher”, “Polvon” taxallusli kimsalar ham qo`shilgan.

2018 yilning 12 yanvar kuni e`tiqod ovchisining faoliyati xotima topdi. Qirg`iziston Respublikasi O`sh shahrida Qirg`iziston Davlat milliy xavfsizlik qo`mitasi xodimlari tomonidan qo`lga olindi va O`zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari xodimlariga topshirildi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudi tomonidan A.Umarqulovning qilmishlari ko`rib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1