AsosiySport

"Chimgan Challenge". Yoshlar festivalida g`oliblar aniqlandi

'"Chimgan Challenge". Yoshlar festivalida g`oliblar aniqlandi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Bo`stonlik tumanida 10 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan havaskor yoshlar o`rtasida “Chimgan challenge” qishki sport turlari bo`yicha yoshlar festivali tashkil etildi.

Ikki kun davom etgan o`ziga xos sport bayramida Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridan 500 nafarga yaqin yoshlar qishki sport turlarining tog` chang`isi, snoubord va qor ustida voleybol yo`nalishlarida o`z mahoratlarini sinovdan o`tkazishdi.

“Chimgan challenge” qishki sport turlari bo`yicha yoshlar festivalida dastlab tog` chang`isi bo`yicha musobaqalar tashkil etildi.

Ushbu yo`nalishda festival ishtirokchilari birinchi kungi bahslarda murakkab qorli yo`llarda 760 metr masofani bosib o`tishdi.

Ikkinchi kungi bellashuvlar ham muxlisu-mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi. Unda yoshlar qishki sport turlarining eng qiziqarli turi bo`lgan skeytbord yo`nalishida o`zaro bahslashdi. Ishtirokchilarning 550 metr masofadagi har bir chiqishi sport ixlosmandlari tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.

Tog` chang`isi bellashuvlarida qizlar o`rtasida Sabina Rejebova, yigitlardan esa Arman Gayupov marra chizig`ini birinchi bo`lib bosib o`tgan holda o`z yosh toifalarida g`oliblikni qo`lga kiritishdi. Snoubord bo`yicha 10-14 yoshli bolalar o`rtasida 1-o`rinni Fozilov Oqil egalladi.

Voleybolchilar o`rtasida o`tkazilgan bahslarda esa omad Chirchiq-1 jamoasiga nasib etdi. 2-o`rinni Chirchiqning ikkinchi jamoasi egalladi. 3-o`ringa Yangiyo`l tumani voleybolchilari sazovor bo`lishdi.

Musobaqa yakunida g`olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan ta`sis etilgan kubok, diplom va medallar bilan taqdirlanishdi.

    Boshqa yangiliklar