Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va bo`linmalarning jangovar tayyorgarlik bo`yicha mas`ul ofiserlari ishtirokida o`quv-uslubiy yig`in bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig`in o`tkazilgan harbiy qism cho`l mintaqasida joylashgan bo`lsa-da, u erda barpo etilgan shart-sharoit va infrastruktura ishtirokchilar ehtiyojini to`laqonli qondirdi.
Dastlab Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlar Bosh shtabi mas`ul ofiserlari tomonidan ishtirokchilarga yig`inning maqsad va vazifalari etkazildi. Tasdiqlangan reja asosida olib borilgan mashg`ulotlar bir necha kun davom etib, har tong jangovar tayyorgarlikning muhim tarkibiy qismi bo`lgan ertalabki badantarbiyadan boshlandi.

Yig`in davomida jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlarini tashkil etish va o`tkazishdagi yangi usul va uslublar haqida batafsil ma`lumotlar berildi. Shuningdek, savol-javob va muhokamalar orqali yig`in qatnashchilarining bilimlari mustahkamlandi.


Bundan tashqari ishtirokchilar e`tiboriga Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy mutaxassislari tomonidan qurol-aslaha, harbiy anjom va jangovar texnikalardan foydalanishda erishilgan innovasion yutuq va rasionalizatorlik takliflari namunalari, kunduzgi va tungi sharoitlarda jangovar vazifalarni bajarishda qo`llanadigan zamonaviy taktik uslub namunalari ko`rgazmali tarzda namoyish etildi. Mavzularga oid qator o`quv filmlari ko`rsatildi.

Qo`shinlarda jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlarini zamonaviy talablarga ko`ra tashkil etish va o`tkazish, bu borada egallangan yangi taktik uslublar bo`yicha ko`rgazmali o`quv mashg`ulotlari “Muborak” dala o`quv maydonida amaliy tarzda ko`rsatib berildi. Mazkur o`quv mashg`ulotlarida turli namunadagi qurol-aslahalarni qo`llash, harbiy texnikalar vositalarida harakatlanish kabi taktik me`yorlar amalga oshirildi.
Dala o`quv maydonida tashkil etilgan ushbu mashg`ulotlarda Rossiya Federasiyasining harbiy mutaxassislari ham ishtirok etdi. Harbiy xizmatchilar kasbiy tayyorgarliklar bo`yicha o`zaro tajriba almashdilar.






