Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Saylov kodeksi loyihasining qizg`in muhokamasi bo`lib o`tdi. Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan kodeks loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlandi. Bugun mazkur loyiha Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o`qishda qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur kodeks loyihasi tarqoq holdagi 5 ta qonun hujjatlari (“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”, “Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi qonunlari) va Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o`tkazishga oid o`nlab qaror va yo`riqnomalarini yagona qonun hujjatida birlashtirishni nazarda tutadi.
Eng ilg`or xalqaro standartlar va xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan Saylov kodeksi ikki qism, 18 bob, 100 moddadan iborat bo`lib, ilgari saylov qonunchiligimizda mavjud bo`lmagan mutlaqo yangi tartib va qoidalarni o`z ichiga oladi.
Xususan:
- parlamentda barcha siyosiy kuchlar uchun teng sharoitlar yaratilishi nazarda tutilmoqda. O`zbekiston Ekologik harakati vakillariga parlament quyi palatasida belgilangan 15 ta deputatlik o`rni kvotasi bekor qilinmoqda;
- saylovchilarning yagona elektron ro`yxatining amal qilish tartibi qonun darajasida belgilanmoqda. Mazkur tizim eksperiment tartibida 2017 yil dekabr oyida Toshkent shahar mahalliy Kengashlariga saylov davomida sinovdan o`tkazildi hamda xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi. Bundan buyon saylovchining bir vaqtning o`zida bir nechta ro`yxatlarga kiritilishiga chek qo`yiladi, bu esa, “bir saylovchi – bir ovoz” prinsipiga to`liq rioya etilishini ta`minlaydi;
- saylov huquqini keng ta`minlash maqsadida ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan va uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga saylash huquqi berilmoqda;
- O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a`zolarini saylash tartibi to`g`risidagi Nizom bekor qilinib, Senat a`zolarini saylash tartibi kodeks darajasida belgilanmoqda;
- fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod ko`rsatish tartibi bekor qilinmoqda.
Umuman olganda, kodeks loyihasida 30 ga yaqin ana shunday demokratik yangi qoidalar belgilangan.
Qayd etish joizki, saylov kodeksi loyihasini tayyorlashda 50 dan ortiq davlatlarning tajribasi o`rganildi. Ayni paytda, xorijiy mamlakatlar saylov qonunchiligi va tajribasi tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, bugungi kunda 40 ga yaqin davlatda, xususan Fransiya, Belgiya, Braziliya, Belarus va Ozarbayjon kabi davlatlarda saylov kodekslari qabul qilingan.
E`tiborli jihati shundaki, so`nggi yillarda aksariyat mamlakatlarda, jumladan Chexiya, Rossiya Federasiyasi, Qozog`istonda saylov qonunchiligini tizimlashtirish orqali uni yagona hujjat shakliga keltirish harakati kuchayib bormoqda.
Saylov kodeksi loyihasi bir qator muhokama va ekspertizadan o`tkazildi. Xususan, O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi, fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik ekspertizasi, ilmiy ekspertiza, amaliyotchi mutaxassislar, ya`ni saylov komissiyalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ekspertlari o`rtasidagi qizg`in muhokamalardan o`tdi. Ularning yakuniga ko`ra 400 dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushdi.






