AsosiyJamiyat

Xorij diplomi tan olinadi

'Xorij diplomi tan olinadi'ning rasmi

O`zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Rossiyaning “Glavekspertsentra” tashkiloti bosh eksperti Vera Skorobogatova bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda Yoshlar ittifoqi faollari, Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining xorijiy hujjatlarni tan olish va nostrifikasiyalash bo`limi mutaxassislari, Rossiyadagi oliy ta`lim muassasalarini tamomlagan yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, ta`lim chegara bilmaydi. Ayni paytda dunyo bo`ylab 6 milliondan ortiq o`zbekistonlik yoshlar xorijiy davlatlarda oliy ta`lim olmoqda. Ularning aksariyati turli sohalarda ilmiy tadqiqot ishlarini ham olib borishyapti.

Asosiy masala esa xorijiy davlatlarning diplomini olib kelgan, yurtimiz iqtisodiyotiga, ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo`shadigan talabalarning hujjatini nostrifikasiya qilish, ya`ni tan olishdir. Hozirda jarayon bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim inspeksiyasi shug`ullanib kelyapti.

— O`tgan 2018 yilning o`zida Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga 2,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi, — deydi Pedagog kadrlar sifati nazorati, ta`lim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikasiya qilish bosh boshqarmasi boshlig`i Abdurahim Nosirov. — Ularning ko`pchiligi qo`shni Qirg`iziston, Tojikistonda ta`lim olib kelgan yoshlardan iborat. Albatta, murojaat egalarining hammasini to`g`ridan to`g`ri mehnat bozoriga tavsiya qilib bo`lmaydi. Chunki u erda sifatli kadrlar bo`lishi kerak. Umuman olganda, Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartib va nizomga ko`ra, jarayon amalga oshirilib kelinadi. Shuning uchun sinovlar orqali faoliyatga ruxsat berilishi ko`zda tutilgan.

Eslatib o`tamiz, 2018 yilning dekabr oyida Ta`lim inspeksiyasi vakillaridan iborat delegasiya Rossiya Federasiyasiga borib, Fan va ta`lim sohasini nazorat qilish federal xizmati mutaxassislari bilan birgalikda “Ta`lim hujjatlarini, malakaviy va ilmiy darajalarni o`zaro tan olish bo`yicha hukumatlararo Bitim” loyihasi tayyorlangan.

Ushbu loyiha Vazirlar Mahkamasi tomonidan imzolangandan keyin amaliyotga tatbiq etiladi. Natijada bir qator muammolarga barham beriladi.

Bitimning imzolanishi ikki davlat o`rtasida ta`lim hujjatlarini to`g`ridan-to`g`ri tan olinishiga zamin yaratadi. O`zbekistonlik yoshlarimiz maktabni bitirganlik haqidagi shahodatnoma bilan Rossiyadagi oliy ta`lim muassasalarida to`g`ridan to`g`ri o`qishini davom ettirishi mumkin bo`ladi.

Ochiq muloqot so`ngida tadbir qatnashchilari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan savollarga ekspert Vera Skorobogatova tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.

Go`zalxon OXUNOVA

    Boshqa yangiliklar