1

O`zbekiston mudofaa vaziri yosh ofiserlar forumida ishtirok etdi

Jamiyat 27.02.2019, 10:52
O`zbekiston mudofaa vaziri yosh ofiserlar forumida ishtirok etdi

Kecha, 26 fevral kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida ilk marotaba yosh ofiserlar forumi bo`lib o`tdi. Forumda kursantlar, o`tgan yilgi mavsum bitiruvchilari-leytenantlar, Mudofaa vazirligi mutasaddi ofiserlari, oliy harbiy ta`lim muassasalarining o`qituvchilari ishtirok etdi, xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Tadbirning ochilish marosimida O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov so`zga chiqib, yosh ofiserlarni tashabbuskorlikka, faollikka chaqirib, ishtirokchilarni konstruktiv va ochiq muloqotga chaqirdi.

“Bir narsani barchamiz yodimizdan aslo chiqarmasligimiz kerakki, bugun dunyoda ro`y berayotgan murakkab harbiy-siyosiy jarayonlar birinchi navbatda o`z kasbini puxta egallagan yuqori malakali mutaxassis, qolaversa, Vatanini sidqidildan sevadigan, jismonan chiniqqan, tashabbuskor, mantiqiy firklay oladigan, fidoyi insonlar bo`lishimizni taqozo etmoqda. Men sizlar bilan uchrashib, yuzaga kelgan kamchiliklar, muammolarni muhokama qilish va takliflaringizni eshitib, ular bo`yicha tegishli qarorlar qabul qilishni o`z oldimga maqsad qilib qo`ydim”, – dedi mudofaa vaziri o`z so`zida.

Forum davomida oliy harbiy ta`lim muassasalarining 2018 yilgi bitiruvchilarini harbiy-kasbiy faoliyatini ob`ektiv o`rganish; Mudofaa vazirligi qo`shinlari faoliyatini tartibga soluvchi me`yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini etkazish; O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida o`tkazilayotgan islohotlar mohiyatini tushuntirish, harbiy bo`linmalarda yosh ofiserlarni professional shakllanishi hamda xizmat vazifalarini sifatli va samarali bajarishlariga to`sqinlik qiluvchi tizimli kamchiliklarni aniqlash; bitiruvchilar bilan boshlang`ich lavozimlarda xizmat qilish davrida duch keladigan ijtimoiy-maishiy, boshqaruv va psixologik xarakterdagi muammolarni aniqlash yuzasidan suhbatlashish, yosh ofiserlarning murojaatini tayyorlash maqsad qilib olingan.

Kun davomidagi faol leytenantlar turli mavzular bo`yicha o`zaro savol-javob qildilar. Ishtirokchilar ma`ruzachiga o`zlarini qiziqtirgan savollarni berish barobarida takliflarini ham bildirib o`tishdi. Xulosa va takliflarni yaxlitlashtirish natijasida yosh ofiserlar forumi qatnashchilarining murojaati qabul qilindi.

Forum yakunida faol va tashabbuskor ishtirokchilarga mudofaa vaziri nomidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg`alari topshirildi. Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonanda va raqqosalarining chiqishlari tadbirga bayramona tus kiritdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1