1

Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining buzilgan huquqlarini tikladi

Jamiyat 27.02.2019, 14:25
Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining buzilgan huquqlarini tikladi

Bugungi kunda xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berish faoliyat unumdorligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma`noda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini tashkil etishga, jumladan, ularning haq-huquqlarini himoyalash, moddiy manfaatdorligini oshirishga katta e`tibor qaratilmoqda.

Jumladan, xodimlarning mehnat huquqlari qo`pol ravishda buzilgan holatlar vazirlik tomonidan aniqlanib, bartaraf etilmokda. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 237-moddasiga muvofiq homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko`ra bekor qilish taqiqlangan bo`lsada, I.Irgashev nomli Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokorining 2019 yil 26 yanvardagi 25-sonli buyrug`iga asosan ushbu shifoxonaning bolalar reanimasiya bo`limi o`rindosh shifokori S.O. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga ko`ra bekor qilingan. Xodimning vazirlikka murojaatini o`rganish jarayonida Toshkent viloyati Zangiota tuman tibbiyot birlashmasi 16-son qishloq oilaviy poliklinikasining bergan ma`lumotnomasi bilan S.O.ning homilador ekanligi fakti o`z tasdig`ini topdi.

Shunga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`iga asosan I.Irgashev nomli Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokorining amaldagi qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan buyrug`i bekor qilinib, vrach S.O. avvalgi ishiga tiklandi hamda majburiy progul vaqti uchun haq to`lab berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, xodimning mexnat xukuklarini qo`pol ravishda buzgan bosh shifokorga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo`llash masalasini qonunda belgilangan tartibda hal etish Toshkent shahar sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i zimmasiga yuklatildi.

Shuningdek, yana bir holat. Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`ining 2019 yil 24 yanvardagi 7t-sonli buyrug`iga asosan tug`ruqxona bo`limi mudimi Bahrom Kucharov ish beruvchining tashabbusi bilan vaktincha shoshilinch tez yordam bo`limiga shifokor vazifasiga o`tkazilgan. Bunda ish beruvchi tomonidan xodimdan rozilik olinmagan. Vaholanki, Mehnat kodeksining 93-moddasiga ko`ra, vaqtincha boshqa ishga o`tkazishga xodim bilan ish beruvchi o`rtasidagi kelishuv bo`lgan taqdirdagina yo`q qo`yiladi. Mazkur holatda xam Sog`liqni saqlash vazirining tegishli buyrug`i bilan Bahrom Kucharov avvalgi ishiga tiklanishi taminlanib, xodimning huquqlari to`liq tiklandi.

Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`iga nisbatan esa vazir buyrug`i bilan Mehnat kodeksiga muvofiq o`rtacha oylik ish haqining o`ttiz foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo`llanildi. Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan nafaqat aholiga sifatli tibbiy yordam ko`rsatish, balki o`z xodimlarining huquqlarini har qanday buzilishlardan himoya qilish, ularni turli tajovuzlardan asrash uchun bundan keyin ham barcha qonun yo`l qo`yadigan usullardan foydalaniladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1