1

Jizzax viloyatida vafot etgan 6-sinf o`quvchisi bo`yicha XTV axborot berdi

Jamiyat 27.02.2019, 14:30
Jizzax viloyatida vafot etgan 6-sinf o`quvchisi bo`yicha XTV axborot berdi

Xalq ta`limi vazirligi Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidagi 10-umumiy o`rta ta`lim maktabining 6-sinf o`quvchisining vafoti bo`yicha ba`zi ommaviy axborot vositalari ma`lumotlari yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Xabarda keltirilishicha, Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidagi 10-umumiy o`rta ta`lim maktabining 6-sinf o`quvchisi B.B. mushtlashuv natijasida emas, balki yurak xastaligi tufayli vafot etgan.

12 yoshdagi B.B. Zafarobod tuman poliklinikasida tug`ma yurak parogi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan. Shu sababli o`quvchi jismoniy tarbiya darslaridan ozod etilgan bo`lib, faqat nazariy bilimlari asosida baholangan.

OAV vakillari tarqatgan ma`lumotlarda, o`quvchilar orasida chiqqan mushtlashuv paytida jarohat olgan, natijada kasalxonada halok bo`ldi, deya izohlangan.

Ta`kidlanishicha, aslida, voqea unday bo`lmagan. Maktabning 6-sinf o`quvchilari 2-smenada o`qishadi. Voqea esa ertalabki soat 10:40 larda sodir bo`lgan. 2-smena esa soat 13:05 da boshlanadi. Voqea joyida biron-bir yuqori sinf o`quvchilari ham, quyi sinf o`quvchilari ham bo`lmagan.

Shu kuni 6-sinfning bir guruh o`quvchilari mahalliy stadionda o`zlari olib kelgan koptok bilan futbol o`ynashgan. O`yin payti uzoqlashgan koptokning orqasidan chopib borgan B.B. yiqilgan. Mazkur voqeadan o`quvchilar tomonidan xabar topgan maktab direktori o`rinbosari tez tibbiy yordamiga xabar bergan. Etib kelgan tez tibbiy yordami xodimi o`quvchining vafot etganini ma`lum qilgan.

Yuqorida keltirilgan masala bo`yicha maktab rahbariyatiga ommaviy axborot vositalarining hech biri murojaat qilmagan bo`lsada, chop etilgan maqolalarda direktor bilan bog`lanilgani to`g`risida noto`g`ri ma`lumotlar tarqatilgan.

“Xalq ta`limi vazirligi ayrim ommaviy axborot vositalarini yuz bergan fojiadan o`zining manfaatlari yo`lida foydalanib, tizimga oid asoslanmagan ma`lumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi”, - deyiladi rasmiy bayonotda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1