Nogiron fuqaroni avtobusga chiqishiga yordam bermagan avtobus haydovchilari jazolandi, deb xabar qilmoqda “Toshshahartransxizmat” AJ.
“Mazkur holat “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati tomonidan o`rganildi. Mas`uliyatsiz haydovchilar 10 kunlik xo`jalik ishlariga o`tkazildi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o`tamiz, ushbu yilning 20 fevral kuni poytaxtning Shimoliy vokzal bekatida nogironligi bo`lgan shaxs “12-avtobus saroyi”ga qarashli 62-yo`nalishdagi hamda“1-avtobus saroyi”ga qarashli 13t-yo`nalishida qatnovchi o`rta sig`imli “SAZ LE 60” rusumli avtobusga chiqmoqchi bo`lgan.
Haydovchilar esa pandus ochilmayotganini bahona qilib, yo`lovchini olmagan. Bu esa norozilikni keltirib chiqargan.
Kelgusida ushbu kabi holatga yo`l qo`ymaslik maqsadida haydovchilardan kafolat xatlari olindi. Ularga pandusni ishlatish bo`yicha amaliy seminarlar tashkil etildi.
Aytish joyiki, “Toshshahartransxizmat” avtobus haydovchilarfaoliyati OAVlarda tez-tez muhokama qilib turiladi. Afsuski, ko`p hollarda salbiy va tanqidiy mavzularda.






